Kattaqo‘rg‘on shahrining tadbirkorlik imkoniyatlari Seulda namoyish etildi

Shu yilning aprel oyida ICLEI xalqaro tashkiloti rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifi davomida vazirliklar, Samarqand, Navoiy va Toshkent shahar hokimliklari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, unda kelgusida hamkorlikda qo‘shma loyihalar, seminar-treninglar, o‘quv dasturlari tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi.

Shunga ko‘ra, 15-20 dekabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida Xalqaro Nordik universiteti va ICLEI tashkilotining Sharqiy Osiyo kotibiyati o‘zaro hamkorlik doirasida  qayta tiklanadigan energiya manbalarini samarali tashkil etish, shaharsozlik, kam uglerodli binolar hamda "yashil transport"larga e’tibor, yashil iqtisodiyot bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha  o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova ishtirok etib, ICLEI tashkilotining Sharqiy Osiyo kotibiyati rahbari, janob Shu Dju bilan uchrashdi. Unda energiya tejaydigan binolar, qayta tiklanadigan energiya va barqaror transport bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.

Tadbir doirasida seminar ishtirokchilariga Kattaqo‘rg‘on shahrining tadbirkorlik imkoniyatlari hamda hamkorlikda investitsiya loyihalarini shakllantirish borasidagi taqdimot namoyish etildi.