Oila – ma’naviyat va insonparvarlik maskani

Kattaqo‘rg‘on shahrida shu mavzuda respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

“Farovon oila sari” oyligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ullari, Oliy Majlis Senati a’zolari, respublikamizning oila masalalari bo‘yicha yetakchi pedagog, psixolog olimlari, viloyat hamda shahar Kengashlari deputatlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar asosida yaratilgan va muntazam takomillashib borayotgan tizim oilalarni samarali mexanizmlar asosida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mustahkam oilalarni bunyod qilishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

– Konstitutsiyamizga ko‘ra, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda u davlat va jamiyat muhofazasida. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi, – dedi Z.Mahkamova. – O‘zbekiston-2030” strategiyasida oilaviy, milliy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha konseptual vazifalar qo‘yilgan. Xususan, oilaga “insonga insonparvarlik, yaxshi xulq, ta’lim-tarbiya va, umuman, ijobiy xislatlarni o‘rgatuvchi maktab”, deya ijtimoiy maqom berildi.

Bugun mamlakatimizda 10 million 300 mingdan ortiq oila mavjud bo‘lib, 3 milliondan ko‘prog‘i yosh oilalardir. Har bir oilaga davlat e’tiborida ekanini his ettirish, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, hech bir ayolni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik, kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalarga alohida mehr va e’tibor ko‘rsatish avvalo davlat, shuningdek, nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining ustuvor vazifasiga aylandi. Bugun zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borilmoqda, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqilmoqda, oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimi yaratilmoqda. Shu kabi sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimizda bugungi globallashuv jarayonlarining har qanday ko‘rinishlariga, salbiy tahdidlariga bardosh bera oladigan zamonaviy oilaning mustahkam tizimi yaratildi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova shaharda oilalar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va istiqbol vazifalar haqida so‘z yuritdi. Kattaqo‘rg‘on tajribasi sifatida yaratilgan “Oilaning namunaviy nizomi” loyihasi bo‘yicha taqdimot qildi.

Konferensiyada Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Ma’rufova, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va psixologlarining oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy qadriyatlarni asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalaridagi ma’ruzalari tinglandi.

Ma’ruzalarda oila, uning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, oilaga daxldor muammolar, mas’ul tashkilotlar, keng jamoatchilik oldidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Fikr-mulohazalar almashildi, tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu asosida ilmiy-amaliy konferensiya rezolyusiyasi qabul qilindi.

Konferensiyaning ikkinchi qismida “Farovon oila sari” oyligi doirasida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohibalari, ahil oilalar, yosh kelin-kuyovlar ishtirokida “Oilalar sayli” (Oilafest), “Oila – bolalar nigohida” rasmlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.