Hokimga nega “shantaj” uyushtirishgan edi?

Kattaqo‘rg‘on ahli o‘z hokimini supermarket yo bozorda, ro‘zg‘origa bozorlik qilayotganini ko‘rib hayratlanmaydi. U istagan payti, turli tashkilotlarga to‘satdan borib, haqiqiy ahvolni o‘rganishi ham hech kimga sir emas. Halol ishlamaydigan xodimni ayab o‘tirmasligi ham ayon bo‘lib qolgan. Ommaviy axborot vositalari-yu o‘zining matbuot xizmatidan faoliyatini ochiq yoritishni talab qilgan ham hokimning o‘zi bo‘ladi.

Mana ikki yildirki, kattaqo‘rg‘onliklar o‘z rahbarini nafaqat hokim, balki hududda katta o‘zgarishlarni amalga oshirgan fidoyi inson sifatida alohida hurmat bilan tilga olishmoqda. Bugungi suhbatdoshimiz – Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimova bilan ayol hokim sifatida duch kelgan muammolar, hududdagi o‘zgarish va yangilanishlar haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.

- Hokim bo‘lish yoshligingizda hech xayolingizdan o‘tganmi?

- Shunday xayollar bo‘lgan. Samarqand tumanida bittagina hokim opa faoliyat yuritardi, u kishi haqida hamma bilardi. U kishiga ko‘pchilik havas qilardi. Jumladan, men ham. To‘g‘ri, bolalikda turlicha orzular bo‘ladi va ko‘pchilik bolalar singari men ham avvaliga o‘qituvchi bo‘lish haqida o‘ylaganman. Ammo yillar o‘tib, maqsadlarim kattalashgan, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Jomboy tumaniga foydam tegadigan darajadagi odam bo‘lsam, degan xayollarda bo‘lganman.

- Yoshlik yillaringizdagi maqsadlar amalga oshib, manna, bugun Samarqanddagi ikki shahardan biri, ya’ni Kattaqo‘rg‘on shahrida hokimsiz. Aytingchi, ayol hokim sifatida sizni kattaqo‘rg‘onliklar qanday kutib oldi?

- Bilasizmi, Kattaqo‘rg‘onda ayollarga o‘zgacha bir munosabat bor ekan. Respublika miqyosidagi tashkilotlarda faoliyat yuritganimda Namanganda ham shunday holatga duch kelgandim. U yerda ayollarga hurmat bilan «Oyim» deb murojaat qilisharkan. Kattaqo‘rg‘onda esa «Mulla opa» deya ayollarni e’zozlashganiga guvoh bo‘ldim. Azaldan ayollari qadrlanib, ularga nisbatan  boshqacha ehtirom ko‘rsatilarkan bu yerda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hokim bo‘lib kelgan paytimda Kattaqo‘rg‘on ahli meni o‘zgacha bir iliqlik, yangilanishlarga ishonch bilan kutib oldi.

To‘g‘ri, kelganimda, ikki-uch oy davomida juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘ldi. Muammolar juda ko‘p edi. Qolaversa, ayni pandemiya, karantin e’lon qilingan kunlari ish boshlagan edim. Har kuni hokimiyat oldida kamida o‘n besh chog‘li odam turli muammolari bilan yig‘ilib turardi. Ularning hammasini birma-bir o‘rganar, qo‘ldan kelgancha yordam berishga harakat qilardim. Bilasizmi, ishga kelganimda hokimlik byudjetida bor-yo‘g‘i 2 million so‘m mablag‘ bor edi.

- Ko‘p qiyinchilik bo‘ldi, deyapsiz, ba’zilarini aytib bera olasizmi?

- Yordam so‘rab keluvchilar oqimi to‘xtamasdi. Byudjetda yuqorida aytganimday ozgina pul. Nima qilish kerak? Bilasizmi, odamlar bilan samimiy muloqot juda ko‘p narsalarni hal qilishi mumkin. Ishni boshlaganimda birinchi navbatda ziyolilar, asli kattaqo‘rg‘onlik, ammo turli hududlarda mehnat qilayotgan faollar, hoji ota, hoji onalarni navbati bilan chaqirdim. Shaharni rivojlantirish uchun ularning taklif-mulohazalarini eshitdim. Yaxshi bilasiz, Kattaqo‘rg‘on nafaqat hunarmand, tadbirli odamlari, balki ziyoli insonlari bilan ham mashhur. Juda yaxshi takliflar bildirildi, ularning hammasi reja qilib oldim.

Tizimli rejalarni viloyat, respublika miqyosiga olib chiqdik. 2020 yilda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva o‘zlari kelib, shahardagi vaziyat bilan tanishdilar. Qolaversa, viloyat hokimining o‘zlari ham bir necha marta tashrif buyurib, Kattaqo‘rg‘on shahridagi muammolar bilan qiziqdi va ularni hal qilish uchun dasturlar ishlab chiqildi. Ko‘p o‘tmay, shaharda ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar sodir bo‘la boshladi. Yo‘l qurilishi, ichimlik suvi ta’minoti,  shaharda ilk bor 12 qavatli uylar qurilishi va aholining 50 yillik orzusi bo‘lmish SAmDU filiali tashkil etilishi kabi katta ishlar amalga oshirildi.

- Lekin bularning hammasini amalga oshirish katta mablag‘, degani. Yuqorida hokimlik byudjetida bor-yo‘g‘i 2 million so‘m bor edi, deyapsiz?

- To‘g‘ri, bunday katta ishlar albatta respublika, viloyat byudjetidan ajratiladigan yordam bilan amalga oshirildi. Barcha ishlar aholining fikr, talab va takliflarini inobatga olgan holda, halol va vijdonan amalga oshirildi. Bundan ruhlangan axolining o‘zi ham har bir bo‘layotgan o‘zgarishlarga, obodonchilik ishlariga befarq qarab turmay, o‘z hissasini qo‘sha boshladilar. Bunyodkorlik ishlari hamjihatlikda olib borildi.

- Halollik haqida aytib o‘tdingiz. Halol ishlamaydigan xodimlaringizga chora ko‘rgan paytlaringiz ham bo‘ldimi?

- Afsuski, bo‘ldi. To‘rt-besh nafar xodimning vijdonsizlik qilgani, har bir ishdan o‘z foydasini ko‘zlab ish yuritganini sezib qoldik va darhol xayrlashdik. Ba’zilariga imkon berdik, ammo yana o‘shanday ishlarini davom ettirdi. Boshqa iloji yo‘q ekan, halol ishlamaydigan xodim bilan darhol xayrlashish kerak ekan.

- Hokim bo‘lib kelganingizda moddiy qiyinchiliklar, ularni hal etishdan tashqari yana qanday muammolarga duch keldingiz?

- Agar ochiq aytadigan bo‘lsam, jiddiy “shantaj”lar bo‘ldi. Bu haqda batafsil aytib bera olmasam-da, ammo bir guruh o‘ziga yetarlicha moddiy ta’minlangan kishilar tomonidan ba’zi shartlar qo‘yilishi, ya’ni shantajlar bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda bu masalaga nuqta qo‘ydik.

Qolaversa, aholi orasida tinimsiz shikoyat qiladigan ma’lum bir toifa kishilar qatlami paydo bo‘ldi. Ularga qancha yordam ko‘rsatilmasin, arzimagan bahonalar bilan respublika miqyosidagi tashkilotlarga chiqa boshladi. Ularning xonadoniga borib, masalani ochiq qo‘ydim. “Barcha qarindosh, mahalla-ko‘yni chaqirtiramiz. Oilangizga ko‘rsatilgan yordam haqida hisobot beramiz, keyin ular oldida talabingizni aytasiz”, deya shart qo‘ydik. Uyaldi, el-yurtdan hayo qildi. To‘g‘ri, biz hukumat odamimiz, aholiga qonun doirasida yordam berishimiz kerak, lekin bitta odamning injiqligi deb boshqa ehtiyojmand insonning haqini olib berolmaymiz. Bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

- Siz Kattaqo‘rg‘on shahriga hokim bo‘lib kelganingizdan so‘ng hududda sodir bo‘lgan eng muhim o‘zgarishlar haqida aytib bering.

- Shahardagi ichki yo‘llarning 50 foizi juda abgor holatda edi, ularning 30 foizi to‘la ta’mirlandi, bu yil qolgani ham amalga oshiriladi. Shaharda birinchi marta 12 qavatli turar joylar qurildi. Tarixda ilk bor universitet filiali tashkil etildi.

Qolaversa, o‘tgan yil davomida 63 ta (46 ta dastur doirasida 17 ta dasturdan tashqari) investitsiya loyihalari ishga tushirilib, 202,2 milliard so‘m bo‘lgan mahalliy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi va 392 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shundan, mahalliy byudjetga dasturlar doirasida qo‘shimcha 45,1 mlrd. so‘mlik tushumlar tushirilishiga erishildi.

2021 yilda 8,9 million AQSh dollarilik eksport amalga oshirildi. Bugungi kunda xududiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 24 xildagi mahsulotlar 10 ta xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori asosida Kattaqo‘rg‘on shahrida ikkita "Kattaqo‘rg‘on Agroservis MTP" va "Ingichka koni" AJ kichik sanoat zonalari tashkil etilgan. Mazkur kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 46,1 milliard so‘m bo‘lgan 11 ta investitsiya loyihasi joylashtirilgan bo‘lib, shundan 7 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi. Buning natijasida 100 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuni alohida ta’kidlashim kerak, mazkur kichik sanoat zonalarida joylashtirilgan investitsiya loyihalari tomonidan asosiy e’tibor mahalliylashtirish dasturi doirasida import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni asosiy qismini eksportga yo‘naltirishga qaratilgan.

 “Oq oltin” mahallasidagi 54 ta, “Nurobod” mahallasidagi 57 ta uy-joylar ta’mirlandi. Joriy va mukammal ta’mirlash uchun jami 1,5 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirish hisobiga 10,6 kilometr ichimlik suv, 3 kilometr oqova suv, mahallalarda 5,2 kilometr elektr tarmog‘i tortilib, 249,0 mln. so‘m mablag‘ evaziga 3 ta transformator yangilandi.

Shuningdek, 1,7 km. gaz quvurlarini tortilib, 2 ta mahallada 3,1 km. yo‘llar asfalt qilindi, 4 km. masofadagi yo‘llarga shag‘al tosh yotqizildi. Jami 8 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi. Rejada 237 dona ko‘cha yoritish lampalarini o‘rnatish, 5,4 km. ustunlarga elektr kabeli tortish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 4,4 km. irrigatsiya tarmoqlari mukammal ta’mirlandi va 160 dona ko‘cha yoritish ustunlari o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda 2 ta mahalla binosi “Obod mahalla” dasturi doirasida yangidan qurilib, 4 ta mahalla binosi mahalliy byudjet va homiylik mablag‘lari hisobidan yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.

Bugungi kunda shahar aholisining 71,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi va 41 foizi markazlashgan oqova xizmati bilan ta’minlangan. Shahar “Suv ta’minoti bo‘limi” tasarrufida 14 ta suv inshooti va 1 ta oqova suvini tozalash inshooti mavjud.

Kelgusi ikki yillikda shaharning qolgan 28,7 foizini ichimlik suvi va 59 foizini oqova suvlari tarmog‘i bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha alohida loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, bu loyihani “Jahon banki”ning 66 million dollar kredit mablag‘lari doirasida 2022-2023 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

- Shu yil shaharda amalga oshiriladigan ishlar haqida aniq manzili bilan aytib bersangiz.

- 2022 yil yil amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq, manzilli dasturlarimiz bor. Qancha suv tarmog‘i sozlanishidan tortib, qaysi maktab ta’mirlanishi, qaysi inshootlar qurilishi, qancha ish o‘rni yaratilishi belgilab qo‘yilgan. Ularning ba’zilariga to‘xtalib o‘tsam.

2022 yilda Ingichka qo‘rg‘oni Nurobod mahallasi hududida umumiy maydoni 20 gektar bo‘lgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Kattaqo‘rg‘on filalini tashkil etish va u yerda 11 ta loyihani joylashtirish hisobiga 53,0 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirib, 600 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, umumiy maydoni 7,2 gektar maydonda yangi 5 ta kichik sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ularda 12 ta loyiha joylashtirilishi hisobiga 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy sohalarda qator yangi ob’yekt va xizmatlar ishga tushirilishi mo‘ljallangan. Xususan, 5-8-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish uchun respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 9,1 milliard so‘m ajratiladi.

“Obod mahalla” davlat dasturi bo‘yicha Abdulla Qahhor mahallasida 90 o‘ringa mo‘ljallangan yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish,  “Yakkabog‘” mahallasida joylashgan 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahrida markazlashgan tumanlararo yurak qon tomir kasalliklarini erta aniqlash uchun diagnostika markazi qurishga
566,0 million so‘m mablag‘ ajratilib, 2022 yilda qurilish ishlari tugatildi va kompyuter tomografiya apparati o‘rnatilib, aholiga xizmat kilish uchun ochilishi rejalashtirilgan.

 Shuningdek, 2022 yilgi Investitsiya dasturi doirasida oilaviy poliklinika qurib foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

- Dasturni ko‘zdan kechirganimda uch sahifalik, aniq ma’lumotlarga ko‘zim tushdi. Ularning barchasi haqida shaharning rasmiy elektron manbalarida ma’lumotlar bor va bu haqda aholi istagan payt xabardor bo‘lishi mumkin, shundaymi?

- Albatta. Hokimlikning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shahar hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlar doim joylashtirib boriladi. Kezi kelganda aytib o‘tay, Kattaqo‘rg‘on shahar axborot xizmati faoliyati bo‘yicha respublikada kuchli beshtalik ichida. Bu – faoliyatimizning doim ochiq, shaffofligidan darak beradi.

Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.

Suratlar va video tasvir muallifi Baxtiyor Mustanov.