Senator Gavhar Alimova kundaligidagi baholarni oshkor qildi
Oliy Majlis Senati a’zosi Gavhar Alimova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o‘quvchilik davrini eslab, post qoldirdi.
“O‘qituvchilarimiz “5” baho uchun ko‘p bilim talab qilishardi. O‘z navbatida biz ham yaxshi o‘qishga, a’lo baho olishga intilardik. Bir vaqtning o‘zida turli to‘garaklarga qatnashardik. Tanlovlarda ishtirok etardik.
1984 yil. Yoshlar tashkiloti yo‘llanmasi bilan o‘sha davrda ko‘plab tengdoshlarim borishni orzu qiladigan "Artek" oromgohiga yuborildim. U vaqtdagi hayajonimni hozir ifodalash mushkul. Bugun o‘sha xotiralarga 35 yil to‘libdi..."
Shuningdek Alimova sobiq ittifoq davrida o‘quvchilar dekabr oyigacha ham paxta dalalarida bo‘lganini eslab, o‘tgan davrni bugun kunda yaratilgan sharoitlar bilan taqqoslagan. Va o‘z postini quyidagi so‘zlar bilan tugatgan:
“Maqsad sari intilgan inson albatta, hayotda o‘z o‘rnini topadi”.
Ma’lumot uchun, Senator, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova 1970 yilda Jomboy tumanida tug‘ilgan. Ko‘kgumbaz mahallasidagi 16-umumta’lim maktabida tahsil olgan.