Hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yillar mobaynida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida tizimli va samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu Qonun ana shu islohotlarni yana bir bor mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun bilan nazarda tutilgan birinchi yo‘nalish – Jinoyat kodeksining hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq jinoyatning jazo choralari kuchaytirilmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ichki ishlar organlari xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaganlik, ularning o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatganlik va hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.