Ayol kishi qanday hokim bo‘lishi mumkin?
Samarqandda senator G.Alimova, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Jumayeva ishtirokida viloyatda gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar qatnashgan anjumanda gender tenglik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda gender tenglik bo‘yicha 20 ga yaqin normativ hujjatlar qabul qilinib, har bir qonun hujjati gender ekspertizasidan o‘tkaziladi. Respublika miqyosida joriy yil davomida 404 nafar ayollar ichki ishlar idoralariga himoya orderi so‘rab murojaat qilgan, ularning eng ko‘pi Toshkent viloyati, eng kami Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tegishlidir. Zo‘ravonlikka uchragan ayollarning katta qismi ruhiy zo‘ravonlikka uchraganlarni tashkil etmoqda.
- Mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, - dedi viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Jumayeva. – Ayni paytda xalq deputatlari viloyat Kengashida 21 nafar (35 foiz), tuman (shahar) Kengashlarida 129 nafar (26,9 foiz) ayollar deputatlikka saylangan. Viloyatimizning turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida 1845 nafar xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyatda keyingi 3 yil davomida 2073 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. O‘tgan 4 yil davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 800 dan ortiq xotin-qizlar va oilalar uy-joy bilan ta’minlandi.
Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida shu yil 20 sentyabrdan 20 oktyabrgacha viloyat miqyosida “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilindi va mahallalarda maxsus profilaktika ishlari amalga oshirildi. Ushbu tadbir davomida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 717 nafar xotin-qiz aniqlanib, ularga himoya orderlari berildi.
Anjuman davomida bu kabi ishlar doimiy ravishda takomillashtirib borilayotgani ta’kidlandi. Jurnalistlardan «Ayol qanday hokim bo‘lishi mumkin?» mazmunidagi savol ham bo‘ldi. «Yoshligidan o‘z oldiga maqsad qo‘ya olishi va unga intilishi kerak, muhimi shu», deb javob berdi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator G.Alimova.