Gavhar Alimova telpak tikish bo‘yicha mahorat darsi o‘tdi

Yangi yil arafasida Kattaqo‘rg‘on shahrida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar asosida barpo etilgan bir qator ob’yektlar foydalanishga topshirildi.

Shahar hokimi tashabbusi bilan sobiq G‘arb machit mahallasi binosi o‘rnida tashkil etilgan qandolat mahsulotlari, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish, bosh kiyimlari tikuv sexi hamda ijtimoiy hayotga moslashuv markazining ochilish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati hamda homiylar hisobidan ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlovchi ushbu markaz qisqa muddat ichida faoliyatini boshladi.

Markazda ayniqsa, bosh kiyimlari tikishga ixtisoslashgan sexning yo‘lga qo‘yilishi hunarmandchilikka qiziqqan xotin-qizlar uchun katta yangilik bo‘ldi. Ushbu sex faoliyati bilan tanishar ekan, shahar hokimi Gavhar Alimova hunarmandlarga telpakdo‘zlik hunari bo‘yicha mahorat mashg‘uloti o‘tdi.

- Yoshligimizda turli fanlarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda hunar o‘rgatishga ham onalarimiz alohida e’tibor qaratardi, - dedi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi G.Alimova. – Shuning natijasida telpak tikish sirlarini yaxshi o‘zlashtirganman. Yoshligimda bu hunarim juda asqotgan. O‘qituvchi sifatida faoliyat yuritgan yillarim vaqtim bo‘lganda telpak tikkanman. Hunarli hech qachon xor bo‘lmaydi, degan naql har doim o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Bugun aholi orasida kerakli, ammo ko‘p tarqalmagan ba’zi hunar turlarini joriy etish, ularga buning sirlarini o‘rgatish yoshlarning bandligini ta’minlashiga zamin yaratadi. Shahrimizda shunday sexning tashkil qilinishi kelgusida bu hunarning ommalashishi, shu orqali qator xonadonlarning ro‘zg‘ori obod bo‘lishiga ishonaman.

Shuningdek, yangi yil arafasida Kattaqo‘rg‘onda Xayrulla Hakimov tomonidan qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi ham ish boshladi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan loyiha asosida tadbirkorga viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan 100 million so‘m miqdorda foizsiz kredit taqdim etildi. Ushbu loyiha bo‘yicha 10 nafar xotin-qizning ish bilan bandligi ta’minlanadi. Sexda tayyorlanishi rejalashtirilgan novvot, parvarda kabi shirinliklar chetga eksport qilish ham nazarda tutilgan.

- Bugun xotin-qizlar o‘rtasidagi ko‘plab muammolar ularning haq-huquqlarini yaxshi bilmasliklari, ularda ijtimoiy hayotga moslashish ko‘nikmalarining shakllanmaganligi bilan bog‘liq, - deydi Gavhar Alimova. - Ijtimoiy hayotga moslashuv markazining tashkil etilganligi mana shunday hayotda qiyin vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni hayotga qaytarishga, xususan, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Markazda qiyin ahvolda qolgan xotin-qizlarning qo‘shimcha daromad topishlari uchun tikuvchilik sexi ham faoliyat yuritadi. Unda kiyim-kechaklar bilan bir qatorda kundalik turmushimizda asqotadigan sumkalar tikilishi ham yo‘lga qo‘yiladi. Natijada atrof-muhit va inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan polietilen paketlardan butkul voz kechiladi va uning o‘rniga turli matolardan yoki qog‘ozdan tayyorlangan sumkalardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbir davomida shuningdek,  ishsiz, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 10 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinalari hadya qilindi.