Birinchi o‘ringa - elektromobil

Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” ko‘rik-tanlovi qizg‘in palla kirdi. Uning mahalla bosqichida g‘olib bo‘lganlar endi tuman va shaharlar darajasida bellashmoqda.
Aholi orasida sog‘lom-turmush tarzini targ‘ib qilish, xususan "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlarini joriy etish bo‘yicha to‘plangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, bu borada namuna ko‘rsatayotganlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda viloyatimiz mahallalari ham faollik ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib o‘tgan tanlovning shahar bosqichida barcha ishtirokchilar yuqori tayyorgarlik namoyish etdi. Qizg‘in o‘tgan bellashuvlarning yakuniy natijasiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on mahallasi raisi, ko‘chaboshisi va xonadon egasi g‘olib deb topilib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mahalla uyushmasi shahar bo‘limi tomonidan tanlovda faol ishtirok etgan boshqa mahalla raislari, ko‘chaboshilar va xonadon egalari ham taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi joriy yilning 17-18 mart kunlari o‘tkaziladi. Uni yuqori saviyada va eng asosiysi, xolis o‘tkazilishi uchun tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, unda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritganlar hududlardagi namunali mahallalar faoliyati hamda diqqatga sazovor joylar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Ha aytgancha, ko‘rik-tanlovning har bir bosqichida 3 nominatsiya bo‘yicha ham barcha g‘olib va sovrindorlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirilishi belgilangan. Uning respublika boschiqida birinchi o‘rinni egallaganlarga esa oliy sovrin - elektromobil topshiriladi.