Bog‘onalida qachon ichimlik suvi bo‘ladi?

"Tashnalik qiynayapti. Suv bor-ku, lekin iste’molga yaroqsiz. Bolalar buni tushunmaydi. Damlangan choyni ham hadik bilan ichamiz, shunday bo‘lgandan    keyin boshqa narsa tatiydimi?". 
Past Darg‘om tumani Bog‘onali va Yuqori Bog‘onali mahallalari aholisi ana shunday muammodan aziyat chekmoqda. 
Mahalla fuqarolarining tahririyatimizga yo‘llagan shikoyat xatida ikki mahalladagi qariyb 7 ming aholi ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalayotgani, bu yerda bundan 50 yil muqaddam qurilgan birgina suv inshootidan ham foydalanib bo‘lmayotgani aytiladi. Aholi esa o‘zlari qazigan quduqlardan suv olmoqda. Keyingi yillarda yer osti suvlarining ko‘tarilishi natijasida quduqlardagi suv iste’molga yaroqsiz holga kelib,  mahallada yuqumli kasalliklar ko‘payib  bormoqda. 

Shikoyat xatida keltirilgan masalalarni o‘rganish uchun Bog‘onaliga borganimizda muammoning qanchalik haqiqat ekanligiga guvoh bo‘ldik. Manzilga borar ekanmiz, yo‘l bo‘yida har bir uyning ostonasida jo‘mraklar o‘rnatilgani, ayrimlarida suv chiqib turganini ham ko‘rdik. Ajablanganimizni sezib, "Bu yer qo‘shni Ravot mahallasi hududi, mana bu ariqning narigi tomonidan bizning mahallamiz boshlanadi", deydi Bog‘onali mahallasi raisi Orif Xudoyorov. 

Ikki qishloq chegarasida joylashgan Ravot qishlog‘i qabristoni qo‘shni mahalla bilan tutashib ketgan. Bog‘onaliga keladigan suv arig‘i shu qabriston yonidan o‘tgan. Ariqdagi suv esa yerga singib, odamlar qazigan quduqlargacha sizib tushadi. Odamlar noiloj shu suvdan iste’mol qiladi. 
– Oilamizda 10 kishi bor, – deydi shu mahallada yashovchi Asliddin Eshonqulov. – 1,5-2 metrdan suv chiqadi, yerni bir amallab uch metrgacha kovlab, shu suvdan iste’mol qilamiz. Hojatxona ham shuncha sathda joylashgan.
Oilasida 6 kishi istiqomat qiladigan Azamat Abdullayevning xonadonida bo‘lganimizda hovlidan ham zax isi sezilib turardi. Quduqdagi suv esa hidlana boshlagan. Quduqdagi suv iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolgach, suvni boshqa joydan keltirisharkan. 

– Nogiron nabiram bor, ishga borganimda faqat u uchun ikki-uch litr suv olib kelaman, – deydi A.Abdullayev. – O‘zimiz uchun qo‘shni mahalla va boshqa joylardan toza suv tashib kelamiz. Besh yildan buyon quduqdan suv icholmaymiz. Chunki yer osti suvlari, hojatxonaning zahri ham quduqqa uradi. Agar quduq suvini bankaga solib qo‘ysangiz, ikki kunda rangi o‘zgarib ketadi. Ammo chorvaga shu suvdan beramiz. Suvning hidlanganini qoramol sutidan ham sezish mumkin. Ammo majburmiz. Hovlining uch joyidan truba qoqib, pishma kran qurib ko‘rdik, baribir foydasi bo‘lmadi. 
Kundalik iste’mol uchun toza suv olib kelish mahalla odamlari uchun asosiy muammoga aylangan. Kimdir tanish-bilishinikiga boradi, texnikasi borlar uzoqdan bo‘lsa-da, suv olib keladi, imkoni yo‘qlar majburlikdan quduqdagi suvni qaynatib ichishadi. 

– Bu muammo bilan kurashayotganimizga ko‘p yillar bo‘ldi, – deydi 70 yoshli Eshpo‘lat Ibodullayev. – Bir necha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik, ammo ular qog‘ozbozlikdan nariga o‘tishmaydi, go‘yoki qog‘oz to‘ldirish bilan inson hayotini yengillatib qo‘yish mumkindek. Kelishadi, ko‘rishadi, dalolatnoma tuzib ketishadi, bo‘ldi, shu bilan masala yana ochiq qolib ketadi. Biz-ku mayli, yaxshimi, yomonmi, yoshimizni yashadik, ammo yosh bolalarning hozirdan o‘pkasi xirillaydi. Yoshligimizda qishlog‘imizda mingga yaqin aholi yashardi. 1965 yilda shuncha aholiga mo‘ljallab bitta suv inshooti qurilgandi. O‘tgan vaqt davomida mahallamizdagi aholi soni qariyb 7 ming nafarga yetdi, suv inshootlari esa boshqa qurilmadi. Ko‘p yillar ilgari shu inshoot ham buzildi. O‘tgan yili yozda hashar yo‘li bilan suv inshooti to‘liq ta’mirlanib, aholi suv olishiga qulay bo‘lgan joyda bitta quvur chiqarib qo‘yildi, ammo tarmoq yo‘qligi tufayli hozirgacha inshootdan foydalanilmaydi. O‘tgan asrda qurilgan suv tarmoqlari chirib ketgan. Yangisini qurishni so‘rab, ko‘plab idoralarga murojaat qildik. Ammo… Suv inshootidan to‘rt tomonga qarab 500 metrdan, maktab, qishloq vrachlik punkti va bolalar bog‘chasigacha jami 3 kilometr masofaga yangi tarmoq tortilsa, qolganini odamlarning o‘zi hashar yo‘li bilan bajarishadi. 

Mahalla ahlining murojaatlari va bir necha yuqori idoralarga yo‘llangan maktublariga javoban viloyat "Suvoqova" DUK 2016 yil 24 iyundagi javob xatida qishloq aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv inshootini ta’mirlashni 2017 yilgi Davlat dasturiga kiritish uchun taklif berishni ma’lum qilgan. "Suvoqova"ning 2017 yil 20 apreldagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati S.Namozovga, viloyat hokimligi va mahalla fuqarolariga yozgan xatida mahallani toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida yangi suv inshooti va suv tarmog‘i qurish bo‘yicha 2018 yilgi Davlat dasturiga kiritish taklifi berilishini ma’lum qilgan. 

Shu korxonaning 2017 yil 30 dekabrdagi tuman hokimi va mahalla raisiga yuborgan javob xatida mahalladagi suv inshooti "Suvoqova" DUK xodimlari tomonidan to‘liq ta’mirlanganligi, hozirgi vaqtda inshoot ishlab turganligi va aholi suvni shu yerdan tashib ichayotgani yozilgan. Maktab, QVP, MTM hamda aholiga toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish 2019 yilgi dasturga qo‘shimcha taklif sifatida berilishi aytilgan. Bitta korxonadan bir masala yuzasidan bir necha xil javob, ularning qay biriga ishonish kerak? Buning ustiga suv inshootidan aholi hanuzgacha foydalangani yo‘q. 

Mahallada joylashgan maktabdagi 870 nafar o‘quvchining aksariyati issiq kunlarda shu yerdagi   quduqdan suv ichadi. Qishloq vrachlik punkti va maktabgacha ta’lim muassasasida ham shu ahvol. "Suvoqova" DUK tuman filiali laborantlari yoki tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari biror marotaba kelib, mahallada odamlar iste’mol qilayotgan suvning tarkibini tekshirib ko‘rmagan. 

Suv inshooti mahalla markazida bo‘lib, maktab, QVP, MTM binolari yaqin masofada, deyarli bir nuqtada joylashgan. Yosh avlodning salomatligi uchun ham tarmoq tortishni yildan-yilgi dasturga qoldiraverish insofdanmi? Mahallada joylashgan maktabdagi 870 nafar o‘quvchining aksariyati issiq kunlarda shu yerdagi quduqdan suv ichadi. Qishloq vrachlik punkti va maktabgacha ta’lim muassasasida ham shu ahvol. "Suvoqova" DUK tuman filiali laborantlari yoki tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari biror marotaba kelib, mahallada odamlar iste’mol qilayotgan suvning tarkibini tekshirib ko‘rmagan. 
– Men suv inshooti ta’mirlangan paytda suv namunasini tekshirtirib, xulosasini olganman, – deydi "Suvoqova" DUK Past Darg‘om tuman filiali bosh muhandisi Olim Ochilov. – Lekin jo‘mrakdagi suvni tekshirib ko‘rmaganmiz. 

– Yaroqsiz suv iste’mol qilish oqibatida so‘nggi yillarda aholi orasida yuqumli kasalliklar ko‘paydi, – deydi qishloq vrachlik punkti katta hamshirasi Dilfuza Mallayeva. – Bu, ayniqsa, yosh bolalarda uchramoqda. Jigar bilan bog‘liq va o‘tkir asoratli kasalliklar soni ham ortgan. Shuning uchun o‘smir yoshdagi bolalarga iloji boricha qaynatilgan suv iste’mol qilishlarini aytyapmiz. Lekin har doim ham bolalarni qaynagan suv bilan ta’minlab bo‘lmaydi. 

– Aslida bu muammo qo‘shni To‘rt ayg‘ir mahallasidagi ekin maydonlariga suv chiqarish maqsadida yonimizdan oqib o‘tuvchi katta anhorni to‘sishdan boshlandi, – deydi shu mahallaning keksalar va faxriylar bo‘yicha rais o‘rinbosari Baxtiyor Nuraliyev. – Shundan so‘ng yer osti suvlari ko‘tarilib ketdi. Ular bilan ko‘p yillik qadrdon qo‘shnimiz, to‘yimiz, ma’rakamiz bir. Shu bois anhorni to‘sishingiz bizning mahallaga namgarchilik olib keldi deyolmaymiz. Bu muammoning yechimi shuki, yangi tarmoqlar tortish va mavjud suv inshootini ishga tushirib, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash mumkin. Buning uchun mutasaddilar yetarlicha e’tibor qaratishsa bo‘lgani. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, 
"Zarafshon"ning maxsus muxbiri.