Bojxonada chetdan keltirilayotgan psixotrop modda sanalgan “Nitrazepam” tabletkalari ushlab qolindi
Bojxonadan mahsulot o‘tkazishda qator imkoniyatlar yaratilishiga qaramasdan ayrim fuqarolar bojxona chegarasi orqali harakatlanib, O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish taqiqlangan yoki cheklangan mahsulotlarni keltirishga urinmoqda.
Jumladan, “Sankt-Peterburg — Samarqand” yo‘nalishida qatnayotgan samolyotda Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan fuqaro E.Sh. “yashil” yo‘lakni tanlagan holda bojxona nazoratidan o‘tayotganda, unga tegishli bagaj va qo‘l yuklari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi.
Xolislar ishtirokida fuqaroga tegishli bo‘lgan bagaj sumkalari tekshirilganda, 4 ta konvalyutada, jami 40 dona “Nitrazepam” tabletkalari borligi aniqlandi.
Ekspert-kriminalistika ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “Nitrazepam” tabletkalari O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.