“iPhone 17” uchun qancha boj to‘lanadi? Bojxona qiymati qanday aniqlanadi?

Bugungi kunda jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadida mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari to‘lanishi yuzaga kelgan holatlar bo‘yicha juda ko‘plab savollar yuzaga kelmoqda.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2025yil 19 apreldagi 244-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari;
havo transportida 1000 AQSh dollari,
temir yo‘l va daryo transportida 500 AQSh dollari,
avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali 300 AQSh dollari etib belgilangan.
Bunda, mobil qurilma bojxona qiymati belgilangan normadan ortgan taqdirda, cheklangan me’yorlardan ortiq qismiga nisbatan 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 yanvardagi 55-son qaroriga asosan bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini to‘ldirish va rasmiylashtirish uchun BHMning 25 foizi (103 ming so‘m) bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im undiriladi.
O‘z navbatida, mobil qurilmaning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, ma’lum qilingan qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Shaxs tomonidan ma’lum qilingan tovarlarning bojxona qiymati to‘g‘ri belgilanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va ma’lumotlar bo‘lmagan taqdirda bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi.
Bunda bojxona organi o‘z ixtiyorida mavjud bo‘lgan narxlar to‘g‘risidagi axborotdan ya’ni bojxona yuk deklaratsiyalari elektron baza ma’lumotlari va muqobil manbalaridan olingan narxlardan foydalanadi.
Muqobil manbalaridan olingan narxlarga ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki yetkazib beruvchilarning rasmiy e’lon qilinadigan ma’lumotnomalari, byulletenlari, prays-varaqlari va boshqa ishonchli manbalar kiradi.
Misol uchun, bugungi kunda fuqarolar tomonidan eng ko‘p qiziqish bildirilayotgan “ iPhone 17” rusumidagi mobil qurilma olib kirilganda, uning bojxona qiymati agar xarid cheki, kvitansiyasi va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari mavjud bo‘lsa, undagi qiymatdan kelib chiqib, agar mavjud bo‘lmasa ishlab chiqaruvchi hisoblanadigan “Apple”ning fuqaro kelayotgan davlatdagi rasmiy sayti ma’lumotlardagi narxlarga asoslanadi.
Shuningdek, mazkur qurilmalarning bojxona qiymati ular olib kirilayotgan davlatdagi narxlarga chambarchas bog‘liq.
Shu munosabat bilan Bojxona qo‘mitasi “ iPhone 17” rusumidagi mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtirish jarayonida qo‘llanilayotgan bojxona qiymati haqidagi ma’lumotlarni ular eng ko‘p olib kirilayotgan davlatlar kesimida taqdim etib boradi.
Ma’lumotlar yangilanganda qo‘shimcha xabar beriladi.