“Samarqand” xalqaro aeroportida 151 dona qadimiy tanga ushlab qolindi

“Samarqand” xalqaro aeroportidan xorijiy davlatga uchib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi B.A. “yashil yo‘lak”dan harakatlanib, bojxona nazoratidan o‘tayotganida bojxonachilar e’tiboriga tushdi. 

Xolislar ishtirokida fuqaroning bagaj sumkasi tekshirilganida deklaratsiyada ko‘rsatilmagan va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketish uchun tegishli ruxsatnoma talab qilinadigan, qadimiyligi 50 yildan oshgan 151 dona qadimiy tangalar borligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi. Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.