Bojxona hududida qayta ishlash tadbirkorga qanday imkoniyat beradi?
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “bojxona hududida qayta ishlash”da sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishiga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbirkorlar tomonidan ushbu rejimdan foydalanish quyidagi afzalliklarni beradi:
- tovarlarni qayta ishlash maqsadida horijdan olib kelingan xomashyolar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi hamda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar respublika hududidan olib chiqiladi;
- xizmatlar ekpsporti kengayadi;
- ishlab chiqarish hajmi ko‘payadi va zarur hollarda aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi;
- tovarlarni qayta ishlash jarayonida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratiladi;
- qayta ishlangan tovarlar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovar maqomini oladi hamda mamlakat va ishlab chiqaruvchining nomi jahon bozorida taniladi va mavqei oshirilishiga olib keladi.
Bu esa respublikamizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni raqobatbardoshligini oshirish va chet eldan qo‘shimcha valyuta tushumini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Xo‘sh, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qanday operatsiyalarni amalga oshiradi?
- olib kirilgan tovarning uning dastlabki xossalari va individual ko‘rsatkichlarini o‘zgartirib, qayta ishlash mahsulotida uni identifikatsiyalash imkonini beruvchi tovar xususiyatlarini saqlagan holda bevosita qayta ishlash va unga ishlov berish;
- olib kirilgan tovarlardan foydalangan holda boshqa tovar tayyorlash, shu jumladan montaj qilish, yig‘ish yoki qismlarga ajratish;
- tovarni ta’mirlash, shu jumladan uni tiklash va tarkibiy qismlarini almashtirish;
- qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarishga ko‘maklashuvchi yoki ularning ishlab chiqarilishi yengillashtiruvchi boshqa tovarlardan, agar bu tovarlar qayta ishlash jarayonida to‘liq yoki qisman ishlatilsa, xom ashyo sifatida foydalanish.
Sizda mazkur bojxona rejimi bo‘yicha savollar bo‘lsa, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining (66) 230-42-42 telefon raqami orqali ma’lumot olishingiz mumkin.
Temur Nazarov,
viloyat bojxona boshqarmasi bojxona nazoratini tashkil etish bo‘limi bosh inspektori.