“Yashil yo‘lak”dagi tovarlar 3 soatda bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi. Tizimda yana nimalar o‘zgarmoqda?

- Tadbirkor import qilgan mahsulotini deklaratsiyada 40 tonna ko‘rsatdi, lekin amalda mahsulot 50 tonna, unda nima chora ko‘riladi?

- Bir xil tovarlarni import qiluvchilar bitta deklaratsiya bilan ming tonna mahsulotni olib o‘tishlari mumkinmi?

- “Yashil yo‘lak”dagi tadbirkor “Sariq yo‘lak”ka nimaga asosan o‘tkaziladi?

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida Bojxona qo‘mitasi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shu kabi savollarga oydinlik kiritildi.

- Endi “qog‘ozsiz va elektron bojxona” tizimining mantiqiy davomi sifatida “raqamli bojxona” tamoyilini amalga oshirishga etibor qaratilmoqda, - deydi Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov. - Bu bojxona organlari samaradorligini oshirib, xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishda muhim. O‘zbekiston 2020 yilda Bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi Kioto konvensiyasi va “Vaqtincha olib kirish to‘g‘risida”gi Istambul konvensiyasiga qo‘shildi. Bojxona tizimida keyingi besh yilda “Qizil”, “Sariq”, “Yashil” yo‘lak tizimi joriy etildi. Natijada hozirga qadar eksportda 83,3 foiz, importda 60,9 foiz yuklar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Ko‘riklar soni 1,2 martaga kamaydi, samaradorlik 1,5 barobarga ortdi, vaqt sarfi eksportda 1,7 va importda 1,4 baravarga qisqardi.

Tizimdagi yana bir yangi loyiha dastlabki deklaratsiya taqdim etish. Bunda tadbirkor import mahsulotni respublikaga kirib kelmasdan rasmiylashtirish va tovarini o‘z omboriga tushirishi soddalashtiriladi. Shuningdek, avval xodimlar import mahsulot bojxona postiga kirib kelgach 72 soatda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishi belgilangandi. Yangi tartibda “Yashil yo‘lak”ka tushgan mahsulot 3 soatda, “Sariq yo‘lak”da esa 8 soatda bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi. Xodim yo‘laklardagi mahsulotni boshqa yo‘lakka asossiz o‘tkazishi mumkin emas. Respublikadagi barcha chegara bojxona postlari tarozi, zamonaviy kuzatish texnologiyalari, ogohlantirish dasturlari bilan jihozlandi. Bu ham tizimda shaffoflik, tezkorlik va asosiysi xolislikni ta’minlaydi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan ishga tushirilgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi 6 ta organning 17 ta sertifikat va ruxsat berish tusidagi hujjatlarini olish uchun onlayn elektron murojaat etish va hujjatlarni raqamli formatda olish imkoni berdi. Joriy yilda esa yana 2 ta nazorat qiluvchi idoralar tizimga integratsiya qilinadi va jami 39 turdagi ruxsatnoma hujjatlarini olish mumkin bo‘ladi. Raqamlarga ko‘ra, tizim joriy qilinganidan buyon hozirga qadar unda 34,4 mingdan ortiq TIF qatnashchilari ro‘yxatdan o‘tgan va vakolatli davlat organlari tomonidan 700 mingdan ortiq ruxsatnoma hujjatlari rasmiylashtirilgan.

O‘ktam Xudoyberdiyev.