Bizni kuzating

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish kelajakni himoya qilish degani

Har bir bola mehr-muhabbat, e’tibor va himoya qurshovida ulg‘ayishga haqli. Uning qalbida qo‘rquv emas, ishonch, ko‘zlarida yosh emas, quvonch bo‘lishi kerak.

Afsuski, bugungi kunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning turli shakllari hamon dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois bola huquqlarini himoya qilish nafaqat oilaning, balki butun jamiyat va davlatning ham burchidir.

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish — ularning bugunini asrash, ertangi kuniga mustahkam poydevor qo‘yish demak. Chunki bolalikda olingan ruhiy jarohatlar insonning kelgusi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bola nafaqat jismoniy tazyiqdan, balki ruhiy bosim, kamsitish, beparvolik va zo‘ravonlikning boshqa ko‘rinishlaridan ham himoyalangan bo‘lishi lozim. Eng muhimi, har bir bola o‘z huquqlarini anglashi, muammoga duch kelganda yordam so‘ray olishi va uning ovozi kattalar tomonidan eshitilishini his etishi zarur.

Shu nuqtai nazardan, yaqinda qabul qilingan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Ushbu qonunchilik tashabbusi bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, ularning xavfsizligini ta’minlash hamda bolaga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlariga befarq munosabatda bo‘lmaslik zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi. Bu esa bola manfaatlarini ustuvor qo‘yish, himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini amalda ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq qonunning hayotdagi samarasi faqat huquqiy normalar bilan emas, balki ularning amalda qay darajada bajarilishi bilan ham belgilanadi. Ota-onalar farzand tarbiyasida mehr va mas’uliyatni ustuvor bilishi, ta’lim muassasalari bolalar uchun xavfsiz muhit yaratishi, mutasaddi tashkilotlar esa har bir murojaatga jiddiy yondashishi lozim. Zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, bolalarning huquqiy savodxonligini oshirish va jamiyatdagi befarqlikka barham berish ham bu boradagi muhim vazifalardandir.

Xulosa qilib aytganda, bolani himoya qilish — shunchaki qonuniy majburiyat emas, balki insonparvarlik va vijdon masalasidir. Har bir bolaning xavfsizligi, qadr-qimmati va baxtli kelajagi ta’minlangan jamiyatgina taraqqiyot sari dadil qadam tashlay oladi. Zero, bolalarga bugun ko‘rsatilgan mehr va himoya ertaga jamiyatga ishonchli, ma’naviyatli va barkamol avlod bo‘lib qaytadi. Bolalarni zo‘ravonlikdan asrash orqali biz nafaqat ularning huquqlarini, balki millatning kelajagini ham himoya qilamiz.

Xolbek Kubayev,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.