Bo‘lgan voqea: Bir piyola sumalak opa-singillar o‘rtasidagi yo‘qolgan mehr rishtalarini yana bog‘ladi
Bu voqeaga ko‘p bo‘lgan emas. Dilnoza bilan Gulnoza - opa-singil. Bir-birini yer-u ko‘kka ishonmay katta bo‘lishgan. Ularning ahilligini ko‘rib ko‘pchilik havas ham qilardi. Avval opa, so‘ngra singil turmushga chiqdi. Gulnoza ham u yashayotgan mahallaga kelin bo‘lib tushdi. Devor-darmiyon qo‘shni.
Avvaliga bojalar ham, opa-singillar ham inoq yashashar, farzandlari ham bir-birining hovlisida emin-erkin o‘ynashardi. Bir kuni katta opaning sigiri bo‘shaldi-yu singilning tomorqasini payhon kildi. Dilxuftonlik shundan boshlandi. Opa uzr so‘radi, singil kechirdi. Lekin Gulnoza mahalladagi ba’zi xotinlarning “qutqi"siga uchdi: "Hoy kelin, opangiz bugun ekiningizni moliga yedirsa, ertaga boshqa ish qiladi. Opa-singillik o‘z yo‘liga, qattiqroq gapirmasangiz boshingizga chiqib oladi. So‘ng yurasiz barmog‘ingizni tishlab" deyishdi. Bu gapdan keyin Gulnozaning fikri o‘zgardi. Opasini chaqirib‚ ancha qo‘pol so‘zlar bilan "siyladi“.
Gapi oxirida “bu hol yana takrorlansa, o‘zingizdan ko‘ring" dedi va shart burilib uyiga kirdi.
Shundan keyin opa-singil o‘rtasidagi ko‘ngil oynasiga darz ketdi. Arzimas sabablar bilan tez-tez janjal bo‘lib turdi. Oqibatda ikki hovli o‘rtasiga baland devor qurilib, bordi-keldi to‘xtadi. Opa-singil umuman gaplashmay qo‘ydi.
Oradan ikki yilcha vaqt o‘tdi. Erta bahorda qishloqda sumalak qilinadigan bo‘ldi. Dilnoza bug‘doy o‘stirib, qishloq ayollari bilan sumalakni boshladi.
Singling Gulnoza bilan arazlashganing juda xunuk ish bo‘ldi-da, qoqindiq, - dedi sumalakni qo‘zg‘arkan qishloqning nuroniy onaxonlaridan bo‘lgan Oylar momo. - Oddiy sabab bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketishlaring yaxshi emas. To‘g‘ri, sizlarni yarashtirish uchun mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, og‘aynilar aralashib uddasidan chiqisholmagan. Lekin bu arazlashganlaring yaxshimas, Xudoning qahri keladi. Senga bir maslahatim bor. Harqalay sen kattasan. Gulnozanikiga o‘tgin-da, uni murosaga chaqir. Singling ham qilmishidan uyalib, sendan qanday kechirim so‘rashni bilmay yurgan bo‘lsa kerak.
Qo‘ying, momo, bo‘lmaydi. Meni ko‘rsa uning jazavasi tutadi-yu nasihatimni tinglarmidi?
- Senga bu gapni shu bugun aytayotganimning sababi bor. Rivoyatlarda aytilishicha, sumalak mehrlilik, oqibatlilik taomi hisoblanadi. Chin yurakdan g‘animingga ham bir yalam sumalak tortiq qilsang, Fotima momolarimizning ruhi uning qalbiga ezgulik urug‘ini sochar ekan. Bir piyola sumalak olib, ochiq chehra bilan singlingnikiga o‘tsang, bu ko‘ngilsizliklarga chek qo‘yasizlar.
Sumalak pishgan, Dilnoza Oylar momoning qistovi bilan sumalak olib singlisining darvozasi yoniga keldi. Ming xayol bilan nevaralaridan birining nomini atab chaqirdi. Singlisi Gulnoza chiqdi. Ko‘z ko‘zga tushib, ikkalovi ham yerga qaradi.
Dilnoza piyolani uzatarkan:
- Sumalak... nevaralarimga, - deya oldi xolos.
Boshqa so‘z aytolmay uyiga qaytdi.
...Kechqurun eshik taqilladi. Dilnoza ochdi. Ostonada kuyovi, Gulnoza, nevaralari... Singlisining qo‘lidagi dasturxondan chiqqan issiq non va palovning hidi uyga go‘yo mehr-oqibatni olib kirganday bo‘ldi.
Akram Haydarov.