Bosh prokuratura majburiy ijro vaqtida o‘ziga o‘t qo‘yib, vafot etgan ayol bo‘yicha ma’lumot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Namangan shahrida yashovchi fuqaro G.Dedabayevani o‘zini yoqib yuborib, vafot etganligi aks etgan video xabardagi holatlar yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan MIB Namangan shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan G.Dedaboyevani yashab turgan xonadonidan majburiy ko‘chirish ijro harakati o‘tkazishni tayinlanib, ushbu xonadonga joriy yilning 29 sentyabr kuni ishtirokchilarni jalb qilgan holda ijro harakatini amalga oshirish uchun borilgan.
Shu vaqtda, G.Dadabayeva ijro harakatini to‘xtatish, ijro harakatlariga qarshilik ko‘rsatish maqsadida yashash xonadoni darvozasining tashqi old tomonida o‘zi bilan olib chiqqan 1,5 litr hajmli yelim idishdagi benzin yoqilg‘isini ustidan quyib, o‘zini-o‘zi yoqib yuborgan.
Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan G.Dadaboyeva 30.09.2020 yilda RShTYoIM Namangan filialining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Dastlabki sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra G.Dadaboyevaning tanasi yuzasining 90 foiz alangadan kuyishi, shundan 40 foiz qismi chuqur kuyish va yuqori nafas yo‘llarining 1-darajali kuyishi uning o‘limiga olib kelgan og‘ir tan jarohati hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha sudga oid tibbiy, sudga oid yong‘in texnikaviy va boshqa zaruriy ekspertizalar tayinlangan.
MIB Namangan shahar bo‘limi davlat ijrochisi va Namangan shahar IIO‘ FMB 2-sonli IIB HPG TP profilaktika inspektori harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib davom ettirilmoqda.