Narpay va Payariqda o‘z joniga qasd qilgan ikki nafar ayol voqeasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi

6 yanvar kuni Narpay tumanining “Charxin” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan A.I. uyining molxonasida o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qilgan.

Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza hamda uning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari tomonidan oilaviy nizolari, shuningdek, biror kishi A.I.ning ustidan shikoyat qilib mahallaga og‘zaki yoki yozma tartibda murojaat qilgan-qilmagani bo‘yicha tekshiruv tayinlangan.

Voqea sodir bo‘lgan kuni yoki undan oldin A.I.ning xonadonida yaqin qarindoshlari yoki biror-bir kishi o‘rtasida urush-janjal bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash maqsadida tegishli idoralarga alohida topshiriq berilgan.

Shuningdek, 1 yanvar kuni soat taxminan 09:30 larda Payariq tumani, “Madaniyat” MFYda yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan ayol uyida ustiga suyultirilgan gaz kondensatini sepgan va olov yoqib, o‘z joniga qasd qilgan. Ma’lum qilinishicha, ayol ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayolning o‘limi murda tanasining 100 foiz termik kuyishi oqibatida yuzaga kelgani ko‘rsatilgan.

Mazkur holatda o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish jinoyati alomatlari mavjudligi hamda bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan turib qonuniy to‘xtamga kelish imkoniyati yo‘qligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Har ikki holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.