Kattaqo‘rg‘onda qiynoqqa solib kelingan ayol va uning 16 yoshli qizi o‘z joniga qasd qildi

Kattaqo‘rg‘on tumanida ketma-ket qiz farzand ko‘rgani sabab qaynonasi va eri tomonidan tahqirlanib kelgan ayol o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda «Sevimli» telekanalining «Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Oilaning 16 yoshli to‘ng‘ich qizi buvisi va dadasi tomonidan onasiga muntazam tazyiq o‘tkazilishiga chiday olmay, yashash uyi og‘ilxonasiga arqon bilan o‘zini osib qo‘ygan.

Oradan ikki soat o‘tib, zo‘ravonliklardan to‘ygan ayol ham qizining yonida o‘z joniga qasd qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida qaynona va o‘g‘il aybli, deb topilgan. Sudlanuvchi erkak Jinoyat kodeksining 103-modda (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 2-qismi «a», «b» bandlariga ko‘ra 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Qaynonaga esa 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosi belgilandi.