Boshqa mamlakatlarda internet qancha turadi?

2025 yildagi reyting

Bugungi kunda internet dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlar va raqamli hayot tarzi uchun asosiy infratuzilmaga aylangan. Shunga qaramay, turli mamlakatlarda internetga ulanish narxlari sezilarli darajada farq qiladi.

“We Are Social” mass-media kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan infografikada 2025 yilda 60 dan ortiq mamlakatda qayd etilgan keng polosali internet narxlari megabit/soniya (Mbit/s) bo‘yicha solishtirilgan.

Ma’lumot uchun: Megabit (Mbit) va megabayt (MB) o‘rtasida farq bor. Megabit – ma’lumotlarni uzatish tezligini, megabayt esa ma’lumotlar hajmini ifoda etadi. 1 megabayt = 8 megabit.

Eng qimmat internet

Ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasida Birlashgan Arab Amirliklari joylashgan - bu yerda 1 Mbit internetning o‘rtacha narxi 4,31 dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Ganadagi narxdan deyarli ikki barobar qimmat - u yerda 1 Mbit 2,58 dollarga to‘g‘ri keladi.

Bunday yuqori narxlar, odatda, cheklangan raqobat, infratuzilmani rivojlantirishdagi murakkabliklar va tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq. Shveysariya, Keniya va Marokash ham ro‘yxatning yuqori qismida joylashgan - bu mamlakatlarda 1 Mbit internet narxi 1 dollardan oshib ketadi.

Eng arzon internet

Sharqiy Yevropa davlatlari internet narxlarida katta farqni namoyon etmoqda. Masalan:

Ruminiyada 1 Mbit internet uchun 0,01 dollar,

Rossiyada 0,02 dollar,

Polshada esa 0,03 dollar to‘lanadi.

Ushbu mamlakatlar dunyodagi eng arzon internet xizmatlariga ega bo‘lib, ularda infratuzilma keng qamrovli va raqobat kuchli.

Osiyoning bir qator davlatlari - Vetnam, Xitoy va Janubiy Koreya ham arzon va tez internet sohasida yetakchi hisoblanadi. Bu yerlarda 1 Mbit internet uchun o‘rtacha 0,05 dollar to‘lanadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida internet narxi nisbatan arzon - 1 Mbit uchun o‘rtacha 0,08 dollar to‘lanadi. Fransiya, Yaponiya va Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlarda esa internet narxi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past - 1 Mbit uchun taxminan 0,42 dollar to‘lanadi.