Mas’ullar Kengashga hisobot berdi

Avval xabar berganimiz, bugun xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n sakkizinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiya ishini Kengash raisi Shuhrat Negmatov boshqardi.  

Kun tartibiga muvofiq, dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari Navro‘zjon Rahmonov 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, ijtimoiy soha ob’yektlarida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi. 

Qayd etilishicha, mavsumga tayyorgarlik doirasida viloyatdagi 155 ta ko‘p kvartirali uy, 263 ta maktab, 109 ta bog‘chada ta’mirlash ishlari olib borildi. Issiqlik ta’minotini yaxshilash maqsadida 6 ta qozon va 300 metr issiqlik tarmoqlari ta’mirlandi. Samarqand shahridagi 22 288 xonadonli 433 ta ko‘p qavatli uyni markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulash ishlari olib borilmoqda.

Ichimlik suv tarmoqlarining 14,8 kilometr qismi mukammal, 13,4 kilometri joriy ta’mirlandi hamda nasos uskunalarining 37 tasi mukammal va 58 tasi  joriy ta’mirdan chiqarildi. Elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha ham belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlangan. Byudjet tashkilotlari uchun 81 ming tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilgan.

Sentyabr oyidan aholi xonadonlariga ham ko‘mir tarqatish boshlagan va shu paytgacha 6,2 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar aholiga mo‘ljallangan 166 ming tonna mahalliy ko‘mir mahsulotlari to‘liq yetkazib berilishi ta’minlanadi. 

Shuningdek, qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish uchun yetarli materiallar zaxirasi yaratildi.

Deputatlar mavsumda elektr va gaz ta’minoti uzluksiz yetkazib berilishi, issiqlik tizimi yuzasidan mavjud muammolar bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Shundan so‘ng viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Abdunabi Nosirov davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan hisobot berdi. 

Hisobotda keltirilishicha, joriy yilning 9 oyida viloyatda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari 2024 yilning shu davriga nisbatan 21 taga yoki 2,9 foizga (726/747) ko‘paygan. O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 17 taga yoki 8,6 foizga (198/181) kamayishiga erishilgan.

Umumiy yo‘l-transport hodisalari Urgut (59/61), Jomboy (22/31), Toyloq (39/56), Payariq (34/40), Ishtixon (23/31), Narpay (45/52) va  Paxtachi (34/43) tumanlarida ko‘paygan.

Yo‘l-transport hodisalarining 354 tasi piyodalarni urib yuborish, 265 tasi transport vositalari to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan. 34  holatda haydovchining mast holatda transport vositasini boshqargani bunday ko‘ngilsiz hodisalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Natijada 89 nafar piyoda vafot etgan, 269 nafari esa turli daraja tan jarohatlari olgan.

- Viloyat hududidagi umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari hamda ko‘chalarida 2804 dona yetishmaydigan yo‘l belgilari o‘rnatildi, 4077 dona eskirgan yo‘l belgilari yangisiga almashtirildi, - dedi A.Nosirov. - 153 joyda sun’iy notekisliklar yaratildi, 1260 piyodalar o‘tish joyida yotiq chiziqlar yangilandi, 15 joyda yangi piyodalar o‘tish joyi tashkil etildi, 2 ta yer osti piyodalar o‘tish joylari qurildi. Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida 56 piyodalar o‘tish joyi yoritildi, 37 joyda svetofor o‘rnatildi.

Inspektorlarimiz tomonidan yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat bo‘yicha 538 ming 727 ta qoidabuzarliklar aniqlangan. Shundan 138 ming 54 tasi qo‘pol qoidabuzarliklar, 2995 tasi mast holda transport vositasini boshqarish, 10 ming 639 tasi svetoforlarning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik, 30 ming 50 tasi piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik hisoblanadi. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari tomonidan esa 1 million 217 ming 658 ta (576 milliard 888 million so‘mlik) qoidabuzarliklar aniqlangan. Ayni paytda viloyatda 61 dona radar va 118 dona intellektual kamera o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu qurilmalar yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinib ishga tushirildi.

Bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 63 ta haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv tashkilotlari to‘liq jihozlanib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda viloyat va respublika monitoring markazlariga integratsiya qilingan.

Sessiyada “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi  qonunga ko‘ra, Kadastr agentligining “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan hujjatlar asosida 500 nafar fuqaroning mulk huquqi qonuniy tartibda e’tirof etildi.

Sessiyada jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi va Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.