Yo‘lda hayot sinovi: Nega bizda hali ham e’tibor va mas’uliyat yetishmayapti

Keyingi vaqtlarda yo‘llardagi xavfsizlik masalasi yana kun tartibiga chiqa boshladi. Viloyatda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari soni ortib borayotgani barchamizni jiddiy o‘ylantirishi lozim. Bugun xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida berilgan ma’lumotlar ushbuni yozishga chorladi. Joriy yilning 9 oyi mobaynida viloyatda 747 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgani, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 taga yoki 2,9 foizga oshgani — bu shunchaki raqam emas. Bu — inson taqdiri, og‘riq, yo‘qotish va hayot uchun bog‘langan umid demakdir.
Quvonarlisi, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari soni 198 tadan 181 tagacha kamaygan. Buning o‘zi yutuq, albatta. Lekin 181 ta insonning hayoti yo‘llarda yo‘qolgani ham haqiqat. Har biri — bir oila, bir umr, bir taqdir.
Qoidabuzarliklar — soniyalik xato, umrboqiy pushaymon
Yana bir ma’lumot kishini o‘yga toldiradi. Joriy yilning shu davrigacha 538 ming 727 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Bu juda katta ko‘rsatkich. Ayniqsa, 2995 ta holatda haydovchilar mast holda transport boshqargani qayd etilgan — bu esa nafaqat qonun, balki aql va vijdonga ham zid harakatdir.
Yaqinda hamkasbim bir voqeani aytib berdi:
— Chekka qishloqda bir yigit mast holda avtomobil boshqarib kelib, kuyovimning yo‘l chetida to‘xtab turgan mashinasiga kelib urilgan. Mashina ichida singlim va uning yosh bolasi ham bo‘lgan. Shukurki, ular omon qolishgan, faqat yengil tan jarohati olishgan. Lekin ikki mashinaning ham holati og‘ir — deyarli yaroqsiz holatga kelgan. Eng achinarlisi, o‘sha mast yigitning haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan. U hech qanday hujjatsiz, boshqa birovning mashinasini haydab yurgan ekan. Albatta, unga nisbatan tegishli jazo qo‘llanildi, lekin shu bilan unga aql kirdimi, o‘ziga xulosa chiqardimi — noma’lum.
Afsuski, bizda bir marta qoida buzganlar jarimasini to‘lab, yana o‘z bilganicha harakatlanaverishini ko‘p kuzatamiz. Ayniqsa, moliyaviy imkoni katta bo‘lgan haydovchilar uchun bu jarimalar deyarli hech narsa emas. Ana shu jihat ham yanada jiddiy yechim talab qiladi.
Bu singari holatlar ko‘p. Jarima — muammoning yechimi emas. Ayrim haydovchilar uchun bu cho‘ntakdagi mayda puldek gap. Javobgarlik hissi, targ‘ibot, tarbiya va eng muhimi — qat’iy va barqaror nazorat bo‘lmasa, bu muammo davom etishi aniq.
Piyodalar ham mas’uliyatni unutmasin
Biz faoliyat yuritadigan Samarqand davlat chet tillar instituti o‘quv binolari ham katta ko‘cha bo‘yida joylashgan. Bu yerda ham tez-tez betartib harakatlanayotgan haydovchilarga duch kelamiz. Bu holat nafaqat o‘qituvchi va talabalar, balki barcha atrofdagi insonlar xavfsizligiga tahdid soladi.
Yo‘llarda faqatgina haydovchilar emas, piyodalar ham ko‘p qoida buzishadi. Viloyatimizda o‘tgan 9 oyda 30 ming 50 ta qoidabuzarlik aynan piyodalar tomonidan sodir etilgan ekan. Ko‘chada qo‘lida telefoni, qulog‘ida quloqchini bo‘lib, atrofga qaramay yuradigan yoshlar juda ko‘payib ketdi. Bu — xavfli hol, albatta. Yo‘l belgilariga e’tibor bermasdan, belgilanmagan joylardan yo‘lni kesib o‘tish, mashinalarga qaramasdan yurish bir daqiqalik ishdek tuyuladi, lekin oqibati juda ham og‘ir bo‘lishi mumkin.
Jarimadan ko‘ra javobgarlik hissi muhim
Yo‘llardagi falokatlardan himoyalanish uchun faqatgina qonun yoki jarima yetarli emas. Eng avvalo — tafakkur, dunyoqarash, ong va mas’uliyat hissi o‘zgarishi kerak. Har bir haydovchi o‘z qo‘lida faqat rul emas, balki kimningdir taqdirini ushlab turganini his etishi shart. Har bir piyoda — faqat o‘z yo‘lini emas, balki o‘z hayotini tanlayotganini anglashi kerak.
Mast haydovchilarga nisbatan jazo mustahkamlanishi lozim. Qonunchilikda ularni haydovchilik huquqidan uzoq muddatga mahrum qilish, hatto jinoiy javobgarlikka tortish masalalari yanada qat’iylashtirilishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki mashinani aql bilan emas, mast holda haydayotgan odam — jamiyat uchun katta xavf, go‘yo portlashga tayyor bomba kabi.
E’tiborli bo‘lish — har birimizning vazifamiz. Har bir ogoh qadam ortida bir insonning hayoti turibdi.
Munavvar Fayzullayeva.