Boyovut tumani hokimi lavozimiga ayol kishi tayinlandi

Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, senator Dilfuza Uralova Boyovut tumaniga hokim bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi yakunlangan. Unda deputatlar viloyat hokimining O‘lmasjon Mamadaminovning boshqa ishga o‘tayotganligi munosabati bilan Boyovut tumani hokimi lavozimidan ozod etish, shuningdek, Dilfuza Uralovani Boyovut tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorlari muhokama qilingan.

Dilfuza Uralova nomzodi bir ovozdan tasdiqlangan.

Shunday qilib, Dilfuza Uralova hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi yagona ayol hokimga aylandi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston tarixida avval uch nafar ayol hokim bo‘lib ishlagan.

1) Manzura Egamova - 1993 yildan 2005 yilgacha, 12 yil davomida Andijon viloyati, Jalaquduq tumani hokimi bo‘lgan;

2) Shakarjon Xo‘janiyozova - 1992-2000 yillarda, 8 yil davomida Xorazm viloyati, Bog‘ot tumani hokimi bo‘lgan;

3) Rahima Hakimova - Samarqand viloyati, Samarqand tumani hokimi bo‘lgan.