Bozorlarning daromadlariga nimalar kiradi?

Patta to‘lovi tushumlari va boshqa tushumlar bozorlar daromadlarini tashkil etadi.

Patta to‘lovini bozorlarda tovarlar, buyumlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotishni amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar to‘laydi. Patta to‘lovi har bir sotish joyidan savdo qilingan har bir kun uchun yoki har bir tovar, buyum, chorva mol uchun undiriladigan qat’iy belgilangan to‘lovdir.

Jismoniy shaxs bilan tuzilgan ijara shartnomasiga binoan savdo joyi uchun ijara haqi to‘lanadigan hollarda, patta to‘lovi summasi ijara haqi tarkibiga kiritiladi.

Patta to‘lovi har bir to‘lovchidan naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda, bir vaqtning o‘zida fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasining chekini yoki terminal chekini berish orqali undiriladi.

Patta to‘lovi miqdorlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi.

Bozorlarning boshqa tushumlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) ijara to‘lovidan olingan daromadlar. Ijara to‘lovi bozor ma’muriyatining tasarrufida bo‘lgan binolar, inshootlar hamda boshqa mol-mulkdan foydalanganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadi;

2) sotuvchilarga va sotib oluvchilarga xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar;

3) bozor ma’muriyati tomonidan amalga oshiriladigan qishloq xo‘jaligi tovarlarini tayyorlash, xarid qilish va realizatsiya qilishdan olingan daromadlar (dehqon bozorlari uchun). Bunda realizatsiya qilingan tovarlarning xarid qiymati bilan sotish qiymati o‘rtasidagi farq daromaddir;

4) qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa tushumlar.

Ijara to‘lovining va bozor ma’muriyati ko‘rsatadigan xizmatlar qiymatining miqdorlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi.

Samarqand viloyati davlat

soliq boshqarmasi axborot xizmati.