Braziliyalik tennischi “Chellenjer”da 7200 AQSh dollariga ega bo‘ldi

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro “Chellenjer” turniri yakuniga yetdi.

Bugungi o‘tkazilgan musobaqa doirasida O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova va tajribali tennischi, mamlakatimiz faxri bo‘lgan Farrux Do‘stov ishtirokida samarqandlik 200 nafarga yaqin yosh tennischilar uchun mahorat mashg‘ulotlari tashkil etildi.

“Dinamo” tennis kortida bo‘lib o‘tgan professional tennischilarning final bahsida fransiyalik Korentin Mutet ustidan braziliyalik Jaoa Menezes ikki setda ham 6-7 ochko bilan g‘alaba qozonib, 7200 AQSh dollarini qo‘lga kiritdi.

Nufuzli musobaqaning tantanali yopilish marosimida musobaqa supervayzeri A.Karnilov, viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi I.To‘laganova ishtirok etdi va g‘oliblarga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Husan Eltoyev.