Bu yilgi g‘allaning xarid narxi qancha bo‘ladi?
Vazirlar Mahkamasining 11 iyundagi “2024 yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil hosilidan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 2,5 tonnadan, jami 2 million 550 ming tonna bug‘doyning 1 million 513 ming tonnasi fermer xo‘jaliklari hamda boshqa bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilinadi. 837 ming tonnasi tovar bug‘doy davlat resursi sifatida va 200 ming tonnasi urug‘lik uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi.
2024 yil g‘alla hosilidan boshlab davlat resursi sifatida tovar bug‘doyni xarid qilish jarayonida QQS hisobga olinmaydi va sotishda soliq solish bazasiga kiritilmaydi. Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tijorat banklari tomonidan Jamg‘armaning tijorat vakili hisobvarag‘idagi debit aylanmasidan davlat resursi sifatida tovar bug‘doyni xarid qilish jarayonida bank xizmatlari undirilmaydi. Davlat resursi sifatida hamda vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan bug‘doyning sifati, saqlanishi hamda xaridorlarga yuklab jo‘natilishida tovar bug‘doyning sifati bo‘yicha nazorat “O‘zagroinspeksiya” tomonidan amalga oshiriladi.
Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra joriy yilda viloyatimizdagi 4645 ta fermer xo‘jaligi 2024 yil hosili uchun 94,2 ming gektar sug‘oriladigan maydonda g‘alla yetishtirdi. Qaror ilovasida keltirilishicha, viloyatimizda jami 228 ming tonna don omborlarga qabul qilinadi. 214 ming 750 tonnasi tovar bug‘doy, shundan 76150 tonna davlat resursi sifatida xarid qilinadi. 138 ming 600 tonna don vaqtincha saqlashga va 13250 tonna don urug‘lik uchun qabul qilinadi. Shuningdek, joriy yil yetishtirilgan hosilni birja savdolarida sotib olingan 3 sinf mahalliy bug‘doy uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birgalikda tonnasiga 2 million 988 ming so‘m etib belgilangan.
2022 yil 28 maydagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan donni qabul qilish va omborlardan chiqarish bo‘yicha d-xarid.uz axborot tizimi ishga tushirilgandi. Joriy yildan g‘allani saqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan sub’yektlar Jamg‘armaning tijorat vakili hisoblanadi. Ular tovar bug‘doyni xarid qilish va sotish bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura hisobini yuritadi va d-xarid.uz axborot tizimiga kiritiladigan moliyaviy hisob-kitoblar va ma’lumotlarning to‘g‘riligiga javobgar bo‘ladi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.