Samarqandda g‘alla o‘rimi boshlandi
Bu yil viloyatning 13 tumanida 14 ta g‘allachilik klasteri hamda 4651 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 94,2 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilindi.
- Sug‘oriladigan maydonlardan 723 ming tonna (o‘rtacha hosildorlik gektariga 76,8 sentner) yalpi hosil yetishtirish ko‘zda tutilgan, - deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Tohir Duvlanov. - Shundan davlat zaxirasi uchun 235 ming tonna g‘alla jamg‘ariladi.
Yetishtirilgan hosilni qisqa fursatda yig‘ishtirib olish, mavsumni talafotsiz o‘tkazish uchun o‘rim-yig‘im ishlarini boshlash bo‘yicha grafik-reja tasdiqlangan. Bunda birinchi navbatda nisbatan issiq bo‘lgan janubiy hudud - Paxtachi, Narpay, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Past Darg‘om tumanlarida dalalar tanlanib, o‘rim ishlariga kirishildi.
O‘rim-yig‘im ishlarini tashkil etish uchun viloyatda 269 ta otryad tuzildi. Ularga 269 ta g‘alla o‘rish kombayni biriktirildi. Bundan tashqari, 1108 ta don, 161 ta yoqilg‘i tashish texnikasi, 73 ta ko‘chma ustaxona ham g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarida qatnashadi.
Joriy yilda jami 21 dona yangi kombayn xarid qilindi va ayni paytda o‘rimga kirishdi.