G‘allachilik daromadli sohami yoki mashaqqatli, dehqonlarimiz 831 ming tonna don yig‘ishtira oladimi?

Inson bir kunda o‘rtacha 300 gramdan 400 gramgacha non iste’mol qilishini hisobga olsak, 1 kilogramm g‘alla – 750 gramm un bir kunda ikki kishining nonga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. 

Viloyatimiz g‘allakorlari 2025-yil hosili uchun 94,2 ming gektar suvli maydonda el rizqini yetishtirishdi. Suv tanqisligi va turli kasalliklarga qaramay, g‘allakorlarimizning tajriba va mehnatlari evaziga dalalarimizda mo‘l hosil yetishtirildi.

G‘alla bozorini erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda narx barqarorligini saqlashga qaratilgan tadbirlar aholisi ko‘p bo‘lgan Samarqandda o‘z samarasini bermoqda.

Bug‘doy dunyoda eng ko‘p tarqalgan madaniy o‘simlik bo‘lib, yur yuzida 250 million gektardan ziyod maydonda ekiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan 2025-yil yanvar-aprel oylarida birja savdolarida sotilgan 3-sinf mahalliy bug‘doy uchun birja narxlari (kotirovkalari) respublika bo‘yicha bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan ushbu davrda sotilgan bug‘doyning bitim narxi va hajmidan kelib chiqib, (QQS bilan birga) 3-sinf mahalliy bug‘doyning bir tonnasi uchun 2 million 514 ming 766 so‘mdan hisoblanmoqda  (2024-yilda tonnasi 2 million 988 ming 434 so‘mdan xarid qilingan).

1991-yilda mamlakatimizda 940 ming tonna g‘alla yetishtirilgan bo‘lsa, 2014-yilda uning hajmi 8 million 50 tonnaga yetdi. 1991-yilda o‘rtacha hosildorlik 17 sentnerni tashkil etgani holda 2014-yilda har gektar maydondan 55 sentnerdan hosil olingan.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2024-yil viloyatda 94,2 ming gektar suvli maydonda boshoqli don ekinlari yetishtirilgan va buning uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 331,8 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Eng ahamiyatlisi, qariyb 241 ta fermer tomonidan 5 ming gektardan ko‘proq maydonda imtiyozli kredit olmasdan, o‘z mablag‘lari hisobiga g‘alla yetishtirilgan. G‘alla maydonlaridan jami 821 ming tonna don o‘rib olinib, bir gektarda o‘rtacha hosildorlik 87,1 sentnerni (2023-yilga nisbatan 13,3 sentner ko‘p) tashkil qildi.

Yig‘ilgan g‘allaning 76,2 ming tonnasi davlat resursiga,

160,5 ming tonnasi fermerlar tomonidan birja savdolariga chiqarish maqsadida vaqtincha saqlash uchun jamg‘arildi va 13,2 ming tonna sifatli urug‘lik zaxirasi yaratildi. Fermer xo‘jaliklari ixtiyorida 570 ming tonnadan ortiq don qoldi.

Viloyatning Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Jomboy tumanlarida g‘allada yuqori hosildorlikka erishib, o‘rtacha hosildorlik 90-96 sentnerni tashkil etdi. Qolgan tumanlarda ham 80-89 sentnerdan hosil olindi.

Joriy yilgi kutilmalar qanday?

-  Ko‘p yillardan buyon mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni jalb etishga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Bekzod Tugalov. - Buning natijasida butun respublika bo‘ylab avvaliga fermerlik harakati, keyinchalik klaster tizimi yuzaga keldi. Odamlarda mehnatidan manfaat topish, o‘z yeriga egalik qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tuyg‘ulari paydo bo‘ldi. Yillar davomida bozor talabidan kelib chiqib ekinlar ekish, yangi navlarni joylashtirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Asosiysi, dehqon mehnatidan manfaatdorligi ortdi. Viloyatimizda aholining donga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq o‘z imkoniyatlarimiz hisobidan qondirishga erishildi.

1 ta non tarkibida organizm ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan 800-1000 k/kal. energetik quvvat, 25-35 gramm oqsil va 150-200 gramm uglevodlar bor.

Viloyatda 2025-yil hosili uchun 4648 fermer xo‘jaligi tomonidan 94,2 ming gektar suvli maydonda boshoqli don ekinlari yetishtirildi va shu kunlarda barcha tumanlarda o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda. 321 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 2,4 ming gektardan ko‘proq maydonda imtiyozli kredit olmasdan, o‘z mablag‘lari hisobiga g‘alla yetishtirildi. O‘rim-yig‘im ishlarini qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan tashkil qilish maqsadida 255 ta otryad shakllantirilib, 255 dona yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari va 1108 dona transport vositasi jalb qilindi.

Joriy yil g‘alladan jami 831 ming tonna don olish va bir gektardan o‘rtacha hosildorlikni 88,2 sentnerga yetkazish rejalashtirilgan. Yetishtirilgan boshoqli donning 276 ming tonnasi davlat ehtiyojlariga olinadi.

Odamlar bundan 16 ming yil muqaddam g‘alla ekinini o‘stira boshlagan. Germaniyaning Syurix muzeylaridan birida ko‘rgazmaga 6 ming yillik tarixga ega non qo‘yilgan.

Solishtiradigan bo‘lsak, 1990-yilda viloyat bo‘yicha sug‘oriladigan maydonlardan 155,5 ming tonna don olinib, hosildorlik 23,5 sentnerni, 2000-yilda 380,6 ming tonna va hosildorlik 38,8 sentnerni, 2013-yilda 701,4 ming tonna va hosildorlik 45 sentnerni, 2018 yilda esa 570 ming tonna va hosildorlik 52,3 sentnerni tashkil qilgan. Yoki g‘allachilikdagi o‘sish 1990-yilga nisbatan 4,4 barobarga, 2000-yilga nisbatan 1,8 barobarga oshgan. 2023-yilda esa suvli maydonlardagi o‘rtacha hosildorlik 71,8 sentnerni tashkil etib, 1990-yilga nisbatan 47,9 sentner, 2000-yilga nisbatan 32,6 sentner, 2018-yilga nisbatan 19 sentner o‘sishga erishilgan. Bu shunchaki oddiy so‘z bilan aytiladigan raqamlar emas, balki g‘allakorlarimizning fidokorona mehnati samarasidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida yerni shudgorlashdan tortib, tayyor mahsulot olish, sotishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan klaster tizimi joriy etildi. Xususan, g‘allachilik tarmog‘ida ham klaster korxonalari tashkil etilib, ular malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda yer, iqlim sharoiti, tuproq unumdorligiga qarab nav tanlash, kerakli agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish borasida ilmiy yondoshuvlar asosida ish olib borishdi. Natijada yil sayin hosildorlik ortib bormoqda.

Bug‘doy donida 11-20 foiz oqsil, 63-74 foiz kraxmal, 2 foiz moy va shuncha kletchatka bor. Odam non orqali hayot uchun kerak bo‘lgan quvvatning yarmini, V1, V2, RR kabi vitaminlarni, shuningdek, organizm uchun qimmatli bo‘lgan kaliy, fosfor va temir birikmalarini oladi. Shuning uchun bug‘doy noni yuqori ta’mga ega, yaxshi hazm bo‘ladi, hech qachon me’daga tegmaydi.

Hozirda viloyatimizda 197 ming gektar yer maydoniga ega 39 ta klaster korxonasi, jumladan, 11 ta paxta-to‘qimachilik,  12 ta meva-sabzavotchilik, 5 ta kartoshkachilik, 1 ta dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va 10 ta g‘allachilik klaster korxonasi faoliyat yuritmoqda.

Birgina Paxtachi tumanida “Omadli g‘alla dalasi”, “Do‘smatov Norberdi Sattorovich”, “Binoqulov Jonibek Abdumannovich”, “Osiyo Paxtachi Abdunazar”, “Oqtepa istiqbol avlodlari” fermer xo‘jaliklarida ekilgan g‘alla maydonlarining o‘rtacha 70 foizdan ortiqrog‘idagi o‘rim-yig‘im natijalariga ko‘ra, hosildorlik gektariga 95-100 sentnergacha yetdi.

Qayta ishlash - qo‘shimcha daromad

Dunyo tajribasidan ko‘rinadiki, xomashyo yetishtirish juda katta daromad keltirmaydi. Qachonki, xomashyoni qayta ishlash, qadoqlash, eksport qilish yo‘lga qo‘yilsa, foyda bir necha barobar ortadi. Bu yangi ish o‘rinlari ochish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, soliq tushumlarini ko‘paytirish, ishsizlikni kamaytirish va taraqqiyotga erishishda muhim bosqich hisoblanadi. Ayni shu jihatlar inobatga olinib, davlatimiz rahbari fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirish, sohaga klaster tizimini joriy etishni taklif qilgandi.

Bug‘doydan uch xil navli undan tashqari chorva uchun omuxta yem, kombikorma, kepak, spirt hamda baliq ozuqasi uchun don chiqindisi olinadi.

Samarqandda bug‘doy unidan 20 xil non, 40 turdan ortiq non mahsulotlari va 50 xildan ko‘proq turli pishiriqlar tayyorlanadi.

-  2020-yilda fermer xo‘jaligimizni g‘allachilik klasteriga aylantirdik va g‘o‘za, g‘allaning elita navlari urug‘larini yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik, - deydi Paxtachi tumanidagi “Mirzayev Shuhrat Kenjayevich” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Shavkat Mirzayev. – Yana 2020-yilda g‘allani un holida sotish loyihasini amalga oshirdik. Buning uchun Germaniya, Italiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar olib kelindi va 60 sotix maydonda yangi zavod qurdik. Ushbu zavod kuniga 120 tonna g‘allani qayta ishlaydi va mahsulotni ichki bozordan tashqari Tojikiston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilamiz. O‘tgan yili qo‘shni davlatlarga 1,5 million dollarlik 6 ming tonna un eksport qildik. Tumandagi 215 ta fermer xo‘jaligi bilan 16 ming tonna g‘alla xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzganmiz. Hozirda g‘alla qabul qilish ishlari davom etmoqda.

16-18 sotix sug‘oriladigan yerda 1 tonna bug‘doy yetishtiriladi. 1 tonna bug‘doydan 750 kilogramm un olinadi. 750 kilogramm un 1662 ta qolipli non, 1500 ta obinon bo‘ladi.

G‘allaning somonidan ham sanoat va qishloq xo‘jaligida keng foydalaniladi. Masalan, somon qog‘oz, savat, kiyim-kechak va qurilish sohasida ishlatiladi. Chorva ozuqasi sifatida esa dag‘al xashak va senaj olinadi.

Tajribali dehqonlar yaxshi va to‘g‘ri tanlangan urug‘ mo‘l hosilning kafolati deyishadi. Bu ham bejiz emas. Chunki hosil mo‘l, xirmonlar yuksak bo‘lishining asosiy sabablaridan biri hudud iqlimi, yer-suv, tuproq sharoitiga qarab urug‘ tanlay bilishda. Urug‘lik sof, toza, sifatli va sara bo‘lsa, mehnat ham, xarajat ham zoye ketmaydi, yetishtirilgan hosil barakali bo‘ladi.

Xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa ham o‘zimizda yaratilgan navlarga nega befarqmiz?

Tabiiy sharoitdan kelib chiqib, g‘allaning “Krasnodar-99”, “Tanya”, “Grom”, “Yaksart”, “Turkiston”, “Andijon-2”, “Jasmina”, “Yuka”, “Zvezda” “Alekseyevich”, “Asr”, “Timiryazev”, “Davr” va boshqa sinovdan o‘tgan, yer va iqlim sharoitimizga mos keladigan serhosil, tezpishar navlar ekildi. Undan kutilgan hosilni olish uchun har bir nav bo‘yicha o‘g‘itlash va sug‘orish, kasalliklarga qarshi kurashish kabi agrotexnik tadbirlar vaqtida o‘tkazildi. Tumanlarda fermer xo‘jaliklari bilan seminarlar tashkil qilinib, ularga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, g‘allaning vegetatsiya davrida malakali mutaxassislar tomonidan hududlarda doimiy o‘rganishlar olib borildi.

1 gektar sug‘oriladigan maydonda 250 kilogramm g‘alla urug‘i ekiladi. Barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilsa, 250 kilogramm don 6 tonnadan ortiqqa aylanadi.

Sug‘oriladigan maydondagi g‘alla tuproq, iqlim sharoiti va yer osti suvlari yuzaga yaqin joylashganligiga qarab, 2-4 marta sug‘oriladi. Bir marotaba sug‘orishga 700-800 metr kubdan 1000-1200 kub metrgacha suv sarflanadi.

Umuman olganda, urug‘chilikni rivojlantirish uchun seleksioner olimlarimiz tomonidan yana yangi istiqbolli, serhosil mahalliy navlarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Yaqin bir necha yil oldin ham seleksioner olimlarimiz g‘allaning istiqbolli va hosildor, asosiysi, iqlimga mos bo‘lgan bir necha navini yaratishgandi, ammo bu navlar haligacha ommaviy ekilmayapti. Nega?

-  Hozirda viloyatimizdagi sug‘oriladigan g‘alla maydonlarining katta qismida Rossiyaning Lukyanenka nomidagi don milliy markazida yaratilgan , asosan “Krasnodar” seleksiyasiga mansub navlar ekiladi, - deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti professori G‘ulom G‘aybullayev. – Bunda “Bezostaya 100”, “Alekseyevich”, “Grom” kabi navlar ko‘p ekilmoqda. Rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda Andijondagi don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti seleksionerlari tomonidan yaratilgan “Davr”, “Andijon-2”, “Navbahor” g‘alla navlari ham ekilmoqda. Qashqadaryo viloyatidagi janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan “Yaksart”, “Yuksalish” kabi navlar ham ommalashmoqda. Institutimiz seleksioner olimlari tomonidan yaratilgan “Forbuma”, “Jasmina” kabi istiqbolli g‘alla navlari viloyatimizdagi 15 ming gektar maydonda ekilmoqda. O‘tgan yili qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reyeyestriga kiritilgan yangi “Samarqand” navi rayonlashtirildi. Hozirgi kunda ham seleksiya ishlari davom etib, mingga yaqin nav namunalar, o‘rganilmoqda va yangi navlar yaratilmoqda.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Shuncha olim-seleksionerlarimiz yaratgan va iqlim sharoitiga mos, kasalliklarga chidamli navlar bo‘laturib, nega chetdan urug‘lik keltiriladi yoki xorij urug‘larining narxi arzonmi?

-  G‘alla urug‘chiligi ham biznesga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi, - deydi professor. – Masalan, Rossiyadan oddiy navdagi g‘alla urug‘ining kilogramini 5 ming so‘mdan xarid qilib, bu yerda 10 ming so‘mdan sotishmoqda. Aslida elita va super elita urug‘lari orasida katta farq bor. Masalan, biz superelita urug‘lik tayyorlaymiz va bu boshqa urug‘lardan ko‘ra har tomonlama samarali hisoblanadi. Shu superelita g‘alla urug‘larimizning xarid narxi 2500 so‘m etib belgilangan. Bu yildan superelita navlarga 130 foiz ustama to‘lanadigan bo‘lganini hisobga olsak, bir kilogramm eng yaxshi g‘alla urug‘i 6 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Lekin chetdan keltirilgan shu turdagi superelita urug‘lik 21 ming so‘mgacha sotilmoqda. Aslida bitta mukammal nav yaratish uchun 10 yil vaqt sarflanadi. Lekin mahalliy va xorijdan keltirilgan har ikki nav bir turga mansub bo‘lsa-da, import navning qimmat sotilishi fermerga ortiqcha xarajat bo‘ladi va narx barqarorligiga ham ta’sir qiladi.   

O‘ktam XUDOYBERDIEV,

“Zarafshon”ning maxsus muxbiri.