Bugun deputatlarning o‘rni qayerda?
Yangi saylangan deputatlar xalqning ichiga kirib borib, ularning muammolarini o‘rganib, hal etish choralarini ko‘ra olyaptimi? Haqiqatdan unga ishonch bildirib, ularni saylagan xalqning ishonchini oqlay olyaptimi?
E’tirof etish mumkinki, bugungi kun deputatlarining faoliyati anchayin jonlanganligi ko‘zga tashlanmoqda. Ular xalqning dardini tinglash, holidan xabar olish maqsadida xonadonlarga kirib bormoqda yoki o‘zi saylangan uchastkada xalqni to‘plab muloqotga kirishmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashiga saylangan deputat Komil Yavkochdiyev tuman markazidagi G‘.G‘ulom va J.Mahmudov mahallalaridagi saylovchilar bilan uchrashib, uy-joyga muhtoj oilalar, kommunal sohada mavjud muammolarni ko‘tarib chiqayotgan insonlarning murojaatlari bilan tanishgan bo‘lsa, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputat Zayniddin Egamov Sug‘ot va Ravot mahallalari aholisi bilan uchrashib, Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, unda ko‘tarilgan masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, deputatlar yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning muammolari bilan ham tanishmoqda. Jumladan, 30-Qayirma okrugidan saylangan deputat Zarif Jozilov 72-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlar bilan uchrashib, ularning muammo, taklif va mulohazalari bilan tanishdi.
Tuman kengashi deputatlari Temur Rajabov hamda Zarif Jozilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ishtixon tumanidagi Xalq qabulxonasida tuman aholisining muammolari ko‘lami, asosiy murojaatlarning salmog‘i bilan qiziqdi. Tuman Kengashi deputati Nurali Qayumov bir nechta nogironligi bor shaxslarning uylariga borib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgandi.
Albatta, deputatlarning xalq ichiga kirib borishi, muammolar bilan tanishishi bugun ularning o‘rni xalq orasida ekanligini ko‘rsatdi. Ammo muammolarni o‘rganish ilan xalqning ishonchini oqlab bo‘lmaydi. O‘sha yozib olingan kamchilikni tegishli tartibda hal qilib, ular yuzasidan tashkilotlarga murojaat qila olgan, deputatlik so‘rovlari yuborib, muammoning yechimini topa olgan, aholining og‘irini yengil qilgan deputatgina elning hurmatiga sazovor.
Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.