Bugungi kunda xodimning ishi natijalari qanday baholanishi kerak?

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida KPI (asosiy ishlash ko‘rsatkichi) tizimiga asoslangan baholash va hisobdorlik tizimini joriy etish tashkilotlarning mahsuldorligi va samaradorligini oshirish uchun mustahkam poydevor yaratishga imkon beradi.

KPI - bu tashkilotning, xodimning strategik maqsadlariga erishishda samaradorligini belgilovchi koeffitsiyent. Ya’ni, KPI - erishilgan natijalarning miqdoriy jihatdan o‘lchanadigan ko‘rsatkich. KPIdan foydalanish muassasaga nafaqat bozordagi o‘rnini baholash, balki faoliyatining ichki mexanizmlarini ham ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda bunday tizimning qo‘llanishi ijobiy natijalar bermoqda. Xodimlarning faoliyatini KPI ko‘rsatkichlari asosida ko‘rib chiqish rivojlanish uchun yana bir qadam bo‘ldi. U mamlakatlar davlat organlarining faoliyat tuzilmasi samaradorligini oshirishning juda muvaffaqiyatli usullarini o‘zlashtirgan va harakatlarning yangi modellarini yaratgan.

Samaradorlikning KPI tizimida korxona menejmenti va xodimlari faoliyati sonlar orqali o‘lchanadi. Indikatorlar bo‘yicha hisobot tayyorlangach, rejalashtirilgan maqsadga qanchalik darajada erishilgani, rejalar qay darajada aniq va to‘g‘ri qo‘yilganini baholash mumkin. Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari natijasi strategik va taktik maqsadlarga tuzatishlar kiritishga ko‘mak beradi.

KPIdan foydalanish korxona, tashkilot, muassasa va xodimlarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Tizim korxonada mehnatga haq to‘lashning motivatsiyali va samarali tizimini ko‘rsatkichlar orqali ko‘rish imkonini beradi. Biroq bunda ko‘rsatkichlarni hisoblashning imkoni bo‘lishi zarur. Bugungi kunda ko‘rsatkichlarning ikki asosiy - sifat va miqdoriy kategoriyasi mavjud.

Miqdoriy ko‘rsatkichlar - bu ishlashni tavsiflovchi moliyaviy ko‘rsatkichlar, shu jumladan, daromad, foyda va debitorlik qarzlari. Sifat ko‘rsatkichlari, o‘z navbatida, notijorat ko‘rsatkichlar - mijozlar tashrifi rejasini amalga oshirish, hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etish, xodimlar aylanmasi va boshqalar.

Bu jarayonning boshqa tizimlardan afzalligi shundaki, muassasa rahbarlari, xodimlarning, avvalo, rahbarlar mas’uliyatini oshirish hamda ular faoliyatining samaradorligini ko‘tarish maqsadida o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, moddiy rag‘batlantirish xodimlar faoliyatining samaradorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi belgilangan.

KPI xodimlar, bo‘limlar va butun muassasada ishchanlik faolligini nazorat qilish sharoitini yaratadi. Boshqacha aytganda, bu tizim yutuqlar darajasi va unga erishish uchun qilingan xarajatlar darajasini o‘zida aks ettiruvchi faoliyat natijadorligining muhim ko‘rsatkichidir.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2015 yil 28 iyulda “Davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan qabul qilingan KPIning iqtisodiyotimizga joriy qilinishi birinchi navbatda, korxonalarning zarar bilan ishlash faoliyati, korxonalarda ish samaradorligining yomonlashishi, ortiqcha xarajatlar, asossiz rag‘batlantirishlar, resurslardan maqsadsiz foydalanish, tashkilotlar faoliyatidagi noshaffoflik, moliyaviy manbalardan maqsadsiz foydalanishlarga chek qo‘yadi.   Bir so‘z bilan aytganda, KPIning vazifasi  tashkilot, muassasa, korxona faoliyati natijalarini baholashdir.

Strategik vazifalarning aniqligini ta’minlash, asosiy e’tiborni muhim jarayonlar va jiddiy ko‘rsatkichlarga qaratish, faoliyatdagi ko‘rsatkichlarning yaxshilanayotgani yoki yomonlashayotgani haqida xabardor qilish, diqqat-e’tiborni talab qiluvchi jiddiy omillarni bir xillashtirish (identifikatsiya qilish)dan iborat.

Korxona tomonidan xodimlarning KPI tizimi tahlili natijasi ko‘rib chiqilib, uning qanchasi yuqori, yetarli, yetarli emas, o‘rta, past va qoniqarsiz darajada ekanligi aniqlanadi. Muassasa rahbari bo‘lim xodimlarining samaradorligi ikki chorak mobaynida ketma-ket “past” yoki “qoniqarsiz” darajada ekanligi aniqlansa, mehnat shartnomasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqilishi ham mumkin.

Xulosa qilib aytganda, korxona yoki xodim faoliyati samaradorligini baholamasdan, ularning faoliyati qoniqarsiz yoxud past darajada, deb e’tirof etilgan taqdirda, ustamalar belgilashga, mukofot puli va boshqa moddiy rag‘batlantirishlar to‘lashga yo‘l qo‘yilmaydi. Korxona, xodim faoliyati samaradorligining tizimli monitoringini tashkil etish maqsadida muassasaning rasmiy veb-saytidagi tegishli shaklni to‘ldirish yo‘li bilan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini elektron ko‘rinishda kuzatish mumkin bo‘ladi.

Iroda AVAZMETOVA,

Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi mas’ul xodimi.