El ko‘zini to‘ydirib, qalbingizni och qoldirmang!
Bugun televizorda, ijtimoiy tarmoqlarda, gazetalarda, qolaversa mahallalardagi suhbatlarda bir masala haqida gap ketmoqda: to‘ylardagi isrofgarchilik, kim o‘zar, ortiqcha hasham va ma’nosiz tantanalarni qisqartirish zarurligi.
Bu haqda har kuni eshitamiz, o‘qiymiz, mulohaza qilamiz. Ammo afsuski, bu mulohazalar amalda kam holda o‘z ifodasini topmoqda.
Ba’zilar to‘y boshlash uchun hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning kuchga kirishini kutib turishibdi, ayrimlar esa “shungacha o‘tkazib olaylik” deb shoshmoqda.
Ayniqsa, ba’zi qaynonalar kelinning qarindoshlari olib keladigan sovg‘alarga qiziqib, to‘yni tezlashtirishga urinayotgan holatlar ham uchramoqda.
Yaqinda bir dugonam bilan suhbatlashib qoldim. Uning aytishiga qaraganda, qaynopasi o‘g‘li uchun xatna to‘y qilmoqchi ekan. Bu to‘yni o‘tkazishni kuyov bola o‘zi talab qilibdi: “Qani, tog‘alarining kuchi qanchaligini ko‘raylik!” degan gaplar bilan ko‘pchilikni shoshtiribdi.
Dugonamning uch nafar farzandi bor. Ular anchadan beri shaharda ijara uyda yashaydi. Turmush o‘rtog‘i - oddiy ishchi. Uning bir akasi, bir ukasi bor. Uchala aka-uka ham qora mehnat ortidan kun ko‘radi. Ammo shunday bo‘lsa ham “Odamlar nima derkan”, degan o‘y ularni tinch qo‘ymagan.
Natijada, uch aka-uka qo‘llaridan kelganicha to‘y uchun pul yig‘ishibdi. Opasi, pochchasi va jiyanlariga sarpo qilishibdi - to‘rt faslga mos kiyimlar, tilla taqinchoqlar, bolalarga velosiped, o‘yinchoqlar, uy uchun muzlatgich, kir mashina, mikroto‘lqinli pech, gilam, ko‘rpa-to‘shak... Hatto to‘y uchun novvos ham berishibdi.
Buning ustiga, “odat bo‘yicha” to‘qqiz tog‘ora qilib taomlar, shirinliklar, meva-chevalar, sovg‘alar, shampun va sovungacha jo‘natishgan.
Natijada, bir necha oylik mehnat va yig‘ilgan mablag‘ “kim o‘zar” degan nom ostidagi tantanaga sarf bo‘ldi. Uchta oila qarz yukini yelkasiga oldi. Bolalarning ehtiyoji qisqardi, uydagi baraka kamaydi. Pochcha to‘yni ortiqcha dabdaba bilan o‘tkazdi, lekin natijada faqat isrof qoldi.
Buning ortida katta saboq yotadi. Biz ko‘pincha “el nima deydi”, “odamlar ko‘radi”, “odat shunday” degan fikrlar bilan o‘z imkoniyatimizdan ortiq xarajat qilamiz. Ammo o‘ylab ko‘raylik - shu mablag‘, shu kuch, shu mehnatni agar bir bemor qo‘shnimizga yordam sifatida berganimizda yoki yetim bolaga sovg‘a qilganimizda, qanchalik savob ish bo‘lar edi.
Hozirgi kunda davlatimiz ham, jamiyatimiz ham isrofgarchilikni kamaytirish, to‘y va tadbirlarni ixcham, mazmunli o‘tkazish haqida qayta-qayta ta’kidlayapti. Bu bekorga emas. Chunki har bir ortiqcha tantana ortida ko‘plab mehnat, ko‘plab qarz, ko‘plab og‘riq yotadi.
Bugun har birimiz bir savolni o‘zimizga berishimiz lozim: “Men qilgan xarajat - savobmi yoki isrofmi?”. Agar javob ikkinchi tomonga og‘sa, demak, to‘xtaydigan vaqt keldi.
Dilnoza Fayzullayeva, SamDChTI katta o‘qituvchisi