Byudjetga salkam 2 trillion so‘m qo‘shimcha undirildi
Yoki norasmiy va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash: muammo va yechimlar xususida
Bugungi kunda jahon miqyosida iqtisodiy taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan asosiy omillardan biri — norasmiy va yashirin iqtisodiyot hisoblanadi. Bu holat faqat davlat byudjetiga soliq tushumlarining kamayishiga emas, balki iqtisodiy boshqaruv tizimida shaffoflikning yo‘qolishiga, raqobat muhitining buzilishiga va aholining ijtimoiy himoyasiz qolishiga ham olib keladi.
Avvalo, norasmiy iqtisodiyot — bu rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan, davlat statistikasida aks etmaydigan, biroq iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradigan sub’yektlar faoliyati ekanligini qayd etish lozim. Bunga, patentsiz tadbirkorlik, noqonuniy savdo, norasmiy mehnat munosabatlari va hokazolarni keltirish mumkin.
Yashirin iqtisodiyot esa qonun bilan taqiqlangan yoki soliq to‘lashdan, hisobot berishdan qasddan qochish maqsadida amalga oshiriladigan iqtisodiy faoliyatdir. Uning tarkibiga korrupsiya, kontrabanda, “konvertatsiya” sxemalari, noqonuniy pul aylanmalari kiradi.
Islohotlar nega kerak?
Qayd qilinganlar yoki soliq va majburiy to‘lovlardan qochish oqibatida davlat xazinasi milliardlab so‘m zarar ko‘rishi hech kimga sir emas. Qolaversa, bunday faoliyat ijtimoiy tengsizlikka sabab bo‘ladi. Ya’ni norasmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar ijtimoiy kafolatlarsiz qoladi.
Bundan tashqari, investitsiya muhiti yomonlashadi. Boshqacha aytganda, yashirin iqtisodiyot mavjud bo‘lgan mamlakatlarga chet el sarmoyasi kam kirib keladi.
Tahlillarga ko‘ra, yashirin iqtisod odatda mansabdor shaxslar bilan “bir tizimda” ishlaydi. Demakki, korrupsiyaning kuchayishiga sabab bo‘luvchi omillardan.
Shu sababli keyingi yillarda yurtimizda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soliq stavkalarini qisqartirish, to‘lovlarni soddalashtirish va elektron hisobot tizimlarini joriy etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, iqtisodiy shaffoflikni oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va davlat xizmatlarini to‘liq elektronlashtirish maqsad qilingan.
Soliq madaniyatini oshirish, aniqroq aytganda aholi va tadbirkorlar o‘rtasida qonuniy faoliyatning foydalari haqida keng targ‘ibot olib borish ham bu boradagi asosiy vazifalar sirasiga kiradi.
Amaliy ishlar ifodasi
Tahlillarga ko‘ra, viloyatda norasmiy va yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi o‘rtacha ulushi 51,9 foizni tashkil qilmoqda. Bunda yashirin iqtisodiyot – 11,4 foiz, norasmiy sektor ulushi - 40,5 foiz. Ushbu ko‘rsatkich qishloq xo‘jaligi (75,9 foiz), qurilish (21,4 foiz) hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida (58,8 foiz) yuqori.
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha viloyat hududiy komissiyasi tomonidan joriy yilda byudjetga qo‘shimcha 2 trillion 328 milliard so‘m undirishga qaratilgan “Yo‘l xarita”si tasdiqlanib, ijroga qaratilgan.
O‘tgan to‘qqiz oy davomida mazkur qo‘shimcha manbaning 1 trillion 849 milliard so‘m yoki salkam 80 foizi undirildi.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat shtabi va hududiy ishchi guruhlar tuzilib, joriy yilning avgust-sentyabr oylarida xatlov o‘tkazildi. Ushbu jarayonlarda norasmiy mehnat faoliyatini olib borayotgan 16 ming 272 nafar shaxsning faoliyati qonuniylashtirilib, 4 ming 145 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, yo‘l xaritada ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha 500 milliard so‘mlik yangi manbalar aniqlanib, 128 milliard so‘mi undirildi. Qolgan qismi ham yil yakuniga qadar undirilishi ta’minlanadi.
Umuman olganda, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyida viloyat byudjeti daromadlari ijrosi 4 trillion 732 milliard so‘m yoki 106 foizga bajarildi.
Tadbirlar va takliflar
Viloyat prokuraturasi tomonidan Past Darg‘om tumanidagi norasmiy bozor, xalq tilida “Afg‘on bozori” deb yuritiladigan savdo maskani zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Tuman markazida joylashgan bu norasmiy bozor “Mash’al trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli, 2017-yildan buyon faoliyat ko‘rsatgan.
Ishchi guruh o‘tkazgan xatlovda 600 dan ortiq fuqaro soliq idoralaridan ro‘yxatdan o‘tmasdan noqonuniy savdo bilan shug‘ullangani aniqlanib, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish maqsadida 20 milliard so‘mlik ishlar bajarildi.
Jumladan, 300 dan ortiq noqonuniy savdo rastalari buzilib, tadbirkor mablag‘i hisobidan 139 ta savdo do‘konidan iborat zamonaviy savdo majmuasi qurildi. Shuningdek, 2 ming 300 kvadrat metr hudud asfaltlashtirilib, 2 ta transformator va 10 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlandi. Majmuaga 35 kVt. quyosh paneli hamda 53 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, majmua faoliyati to‘liq raqamlashtirildi.
Natijada bungacha biron so‘m tushum bo‘lmagan bozorning yillik tushum 8 milliard so‘m, soliq tushumi 1,7 milliard so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda. Asosiysi, bu yerda 478 ta ish o‘rni yaratilib, 278 shaxs ijara shartnomasi asosida do‘konlarga joylashtirildi.
Umuman, viloyat hududida norasmiy va yashirin iqtisodiyotga imkon yaratayotgan omillar tahlil tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlangan. Xususan, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan mehmonxonalar faoliyatida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda mehmonlar sonini onlayn hisobga olishga mo‘ljallangan Silkroad.uz dasturi ishlab chiqildi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalari, rieltorlik faoliyati, korxonalar tomonidan ish o‘rni va ish haqini yashirish holatlarining oldini olish, qoldiq tovarlar hajmini nazorat qilish, yuqori likvidli tovarlar importini tartibga solish, aholining yer va mol-mulk solig‘idan bo‘lgan qarzdorligini undirish tizimi samaradorligi oshirish, korxonalar tomonidan ustav fondini shakllantirishda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida ham takliflar ilgari surilmoqda.
Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish — bu faqat huquqiy yoki moliyaviy emas, balki ijtimoiy-axloqiy vazifa hamdir. Zotan iqtisodiy faoliyatning shaffofligi ta’minlanganda, mamlakatning barqaror rivojlanishi va xalq farovonligi kafolatlanadi.
Akram Pardayev,
viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.