Bulung‘urda murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi

Bu vazifani akademik Yo.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali jarrohlari amalga oshirdi.

– Davlatimiz rahbarining shu yil 26 yanvarda qabul qilingan “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholiga ko‘rsatilayotgan endokrinologiya xizmatini tashkil etishning yangi – “markaz – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari” tizimini yo‘lga qo‘yish va ularning uzviy bog‘liqligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan edi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali rahbari G.Negmatova. – Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish dasturlarini amaliyotga joriy etish belgilangandi. Prezidentimizning tibbiyot sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida ham aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator tashabbuslar ilgari surilgandi. Shu va boshqa vazifalardan kelib chiqib, aprel oyidan boshlab filial xodimlari har hafta tumanlarga borib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush targ‘ibotini amalga oshirmoqda, endokrin kasalliklarning kelib chiqib sabablari, xastaliklarni erta aniqlash va davolash yuzasidan tavsiyalar bermoqda. Joylarda birlamchi skrining amalga oshirilib, aholini ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Bu jarayonda zaruratga qarab, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, ayrim endokrin kasalliklarni tuman tibbiyot birlashmalarining o‘zida davolashni yo‘lga qo‘ydik, hatto jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.

Filial mutaxassislarining shu paytgacha Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Bulung‘ur va boshqa tumanlarda o‘tkazgan tibbiy ko‘riklari va aholi o‘rtasida olib borgan targ‘ibot ishlari natijasida tuman tibbiyot birlashmalarida bo‘qoq xastaliklari bo‘yicha o‘ndan ortiq jarrohlik operatsiyalari amalga oshirildi.

  – Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda aniqlangan 36 yoshli bemorda bugun bir tugunli bo‘qoq uchinchi darajasi eutiroz holati kasalligi bo‘yicha operatsiya o‘tkazdik, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali jarrohi O‘tkir Teshayev. – Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi va bemor darddan forig‘ bo‘ldi. Bu kabi jarrohlik amaliyoti filialimizda har yili yuzlab amalga oshiriladi. Lekin tumanlarda endi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunday amaliyot, birinchi navbatda, aholi uchun juda katta qulaylik. Ular ortiqcha vaqt va xarajat sarflab yurmaydi. Barcha jarayon tumanning o‘zida amalga oshiriladi. Qolaversa, bu tumandagi hamkasblarimiz uchun o‘ziga xos mahorat sabog‘i bo‘lmoqda.