Bulung‘urda ota aliment uchun salkam 132 million so‘m to‘lab berdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining qarori bilan fuqaro A.S.dan undiruvchi G.H.ga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun uchdan bir qismi miqdorida aliment undirib borish belgilangan.

Bu holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Anchadan beri fuqaro A.S. aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelayotgan edi.

Bugungi og‘ir sharoitda muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanligini inobatga olgan holda byuroning Bulung‘ur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tushuntirish va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu jumladan, qarzdor A.S. bilan ham atroflicha suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilib, bugungi sinov kunlarida farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani yotig‘i bilan tushuntirildi.

Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tuman bo‘limining xabariga ko‘ra, bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota farzandlari ta’minotini o‘ylab, ular voyaga yetguniga qadar hisoblab, 131 million 760 ming so‘m pulni to‘lab berdi.