Bundan buyon har bir davlat organi o‘z kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur va shart

"Ommaviy axborot vositalari tom ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda. Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap.

Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi.

Biz o‘tgan to‘rt yil davomida jamiyatimizda oshkoralik va ochiqlik, so‘z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o‘rganib borayapmiz. Adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlaydigan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib, ularni ish uslubini o‘zgartirish va mas’uliyatini oshirishga majbur qilmoqda.

Bundan buyon har bir davlat organi o‘z kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur va shart.

Bu boradagi mavjud qonunchilikni liberallashtirish yo‘lida tashlangan dadil qadamlarimizning dalili sifatida kuni kecha Jinoyat kodeksining matbuot orqali “tuhmat” va “haqorat qilish” kabi moddalari bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi.

Kelgusi yilda ham so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytiriladi.

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishning dastlabki davrida ommaviy axborot vositalarini keng qo‘llab-quvvatlash, ularni himoya qilish, davlat idoralarida axborot xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ularni yanada rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman", dedi Prezident Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasida.