Buxoroni azon ovozi uyg‘otadi
Buxoro minoralar shahri, avliyo-pirlar makoni. Buxoroda ko‘nglingiz orom topadi, o‘zgacha sokinlikni his qilasiz.
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati xodimlari Buxoroi sharifga sayohat qilar ekan, bu yerdagi ziyoratgohlar, tarixiy obidalar, zamonaviy shaharni tomosha qildi, odamlar bilan suhbatlashdi. Maqolamiz safar taassurotlari haqida.
...Tongni Buxoroning qaysi manzilida bo‘lmang azon ovozi bilan qarshi olasiz. Shu sasning o‘zi kishining ruhiyatini poklaganday, tiynatiga nur yog‘ilganday tasavvur uyg‘otadi. Ko‘zlab kelgan manzillaringiz sari yo‘lga otlanasiz. Bu safar sayohatda ko‘zlagan qadamjolarimiz Buxoroning Qubbatul Islom nomini olishiga asos bo‘lgan piru avliyolar makon topgan maskanlarni ziyorat qilish edi.
Ha, mazkur muqaddas shahardagi dong‘i butun dunyoga ketgan madrasalar tufayli turli yillarda tariqat yo‘llarini mukammal bosib o‘tgan pirlar yashagan, atrofiga yuzlab shunday shogirdlar to‘plagan ulamolar makon topgan.
Maqolada yetti pir — Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualarining barchasi haqida alohida so‘zlab berishning imkoni yo‘q. Binobarin, bu haqda o‘quvchi bugun cheksiz imkoniyatlarga ega internet makonlaridan ham to‘la ma’lumot olishi mumkin.
Ko‘zlariga tuz sepib ilm o‘rgangan pir
Mazkur muqaddas maskanlarda e’tiborimizni tortgan jihatlar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Avvalo, har bir maskandagi tozalik, odamlarning xush kayfiyati kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Shuningdek, ushbu ziyoratgohlar hududining qariyb har birida bog‘ tashkil etilgani, hozir bu bog‘larning ularning gullab, hududning husniga husn qo‘shib turganini ta’riflashga til ojiz.
Aytishlaricha, pirlarimiz diniy ilmlar bilan shug‘ullanish barobarida barchasi u yoki bu hunarmandchilik orqali ro‘zg‘orini yuritgan. Xojagon tariqatining asoschisi Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy bo‘z to‘qigan bo‘lsa, Xoja Ali Romitaniy to‘quvchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan, Sayyid Amir Kulol kulolchilik bilan ro‘zg‘or tebratgan, uxlamaslik uchun ko‘zlariga tuz sepib bo‘lsa-da ilm o‘rgangan Orif Revgariy kabi pirlarning barchasi oddiylik, kamtarlikda ibrat bo‘lishgan.
Barcha ziyoratgohlarda o‘ziga xoslik bilan bir qatorda o‘xshashliklar ham talaygina: minoralar, bog‘, hovuz nafaqat ushbu makonlar, balki Buxoroning boshqa tarixiy maskanlariga ham xosdir. Ayniqsa, yetti pir ziyoratgohlarining qaysi biriga kirsangiz, o‘sha joy haqidagi ma’lumotlar, pirlarning bosib o‘tgan yo‘llari, ziyorat odoblari, islom arkonlari haqida radiokarnay orqali o‘qilishi juda foydali.
Romitan tumanida joylashgan Boboyi Samosiy ziyoratgohiga kirishda anor sotilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bilishimizcha, mazkur tuman anorlari bilan mashhur.
-Esimni taniganimdan beri anor ekamiz, uni yetishtirishning hadisini olganmiz, - deydi Boboyi Samosiy mahallasida yashovchi Dilfuza Fatxullayeva. – 30 sotix yerdagi 140 tup anor daraxtimizdan har yili yetti tonnagacha hosil olamiz. Shuningdek, asalarichilik ham bor. Oilaviy ishlaymiz, asosiy daromadimiz ham shundan.
Qishdan omon chiqqan anorlarning narxini so‘rasak, 10 ming so‘m deb aytishdi. To‘g‘risi, hayron qoldik. "Mehnati osonmasdir, ayniqsa, hozir, hamma mevalar uzilgan payti buncha arzon sotayapsizlar?”, degan savolimizga opaxon jilmayib javob berdi: “Barakasini bersin, axir pirlar makon tutgan joyda savdo qilamiz! Mehnati osonmas, albatta. Chunki bu oylargacha anorni saqlash uchun uni uzilishidan tortib, tashish, saqlash – hammasi o‘ta hushyorlikni talab etadi. Ozgina lat yesa, ichidagi bitta donachasi chirisa tamom, boshqalariga ham o‘tadi".
“Barakasini bersin...”
Darvoqe, “topganimizni barakasini bersin, narxni ko‘tarsagu, ammo topgan pulingni barakasi bo‘lmasa qiyin” deydiganlar ko‘p ekan. Buni ziyoratlardan so‘ng tungi Buxoroni aylanganda, taksi xizmatlaridan foydalanganda bildik. To‘rt kishini anchagina olis masofaga olib borish uchun haydovchi “O‘n ming so‘m bo‘ladi” desa, bir-birimizga qarab qo‘ydik. Adashmadikmi, deya mashinaga o‘tirgach, qayta so‘radik.
- Mehmonga o‘xshayapsizlar, nazarimda, - deya haydovchi suhbatga kirishib ketdi. – Ha, bizda taksi xizmatlari narxi shunday. Kunning qaysi payti bo‘lishidan qat’i nazar narxni o‘zgartirmaymiz. Barakasini bersin. Bilaman, sizlarda juda ko‘p servis narxlari qimmat. Ishonasizmi, hatto o‘zimning ukam ham mashinasini taksi sifatida haydab, aynan Samarqanda borib ishlaydi.
Haqiqatan ham bir necha buxoroliklar bilan gaplasharkanmiz, ularning kamtarligi e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, tuman hududlarida uylarning bir xil balandlikda qurilgani, oddiygina ta’mirlangani ularning o‘tmishdoshlari singari hashamga juda zo‘r bermaganini ko‘rsatib turibdi.
Qurilish ko‘p, daraxt kam...
Zamonaviy Buxoro ko‘chalarida barcha hududlarda bo‘lgani kabi qurilishlar juda ko‘p. Bu holatning quvonarli tomoni bilan birga tashvishli jihatlari ham bor. Katta ko‘chalarda-ku, oz bo‘lsa-da, daraxtlar ekilganiga guvoh bo‘ldik. Ammo ba’zi ichki ko‘chalarda ketma-ket yangi qurilgan inshootlar orasida daraxt ekilmagani kishi ta’bini xira qiladi. Yaxshi bilamiz, keyingi yillarda ekologik vaziyat anchayin tarang ahvolga kelib qolgan. Buxoroda esa bu muammo yanayam ayanchliroq. Bu yerning aholisi ekin ekish uchun tuproq sho‘rini yuvishga majbur bo‘layotgani, ba’zi hududlarida ekin qilish deyarli imkonsiz bo‘lib qolgani haqida eshitganmiz.
Shu nuqtai nazardan qaralganda shahar hududida ko‘proq daraxt ekilishi kerak. Ammo shaharning tozaligi tahsinga loyiq. Ko‘chalarda chiqindi to‘planganiga deyarli guvoh bo‘lmaysiz.
Darvoqe, til masalasida ham buxoroliklar samarqandliklardan qolishmas ekan. Ko‘chalardagi peshlavhalarning aksariyati rus yoki xorijiy tilda ekanligi gazetchi sifatida e’tiborimizni tortdi.
Sitorai Mohi Xosadagi achinarli ahvol
Garchi turizm mavsumi hisoblansa-da, ammo Buxorodagi aksar tarixiy obidalarning kechasi ishlamasligi sayyohlar uchun noqulaylik tug‘diradi. Mashhur Buxoro arkining ichki qismini kechqurun ham aylanib chiqishni tashkillashtirish lozim. Har holda Samarqand Registonini sayyohlar kechki vaqtlarda ham tomosha qila oladilar. So‘rab-surishtirganimizda bu yerda faqat yoz oylarida shunday imkoniyat yaratilishini aytishdi.
Kechki payt juda ko‘p xorijlik va mahalliy sayyohlarning kechki payt Labi Hovuz bo‘yida aylanib yurganiga guvoh bo‘ldik. Ehtimol, mashhur Arkni ichida ham o‘sha qadim davrdagidek muhitni yaratish kerakdir.
Ayniqsa, Sitorai Mohi Xosadagi ahvol bizni tashvishga soldi. Yaqin tarixni o‘zida mujassam etgan mazkur majmuaning ichki qismlari yaxshi saqlanib qolingan bo‘lsa-da, ammo tashqi ko‘rinishi ta’mirtalab holatda qolgan. Ayniqsa, hovlining kirishdan chap tomondagi qismiga deyarli e’tibor qaratilmagan, bir ahvoldagi manzaraga duch keldik. Qolaversa, majmuaga kirishdagi yana bir tarixiy binoning ahvoli ham haminqadar. Savdogarlarning omborxonasiga aylanganga o‘xshaydi. To‘g‘ri, tarixiy obidalarni ta’mirlashning belgilangan me’yorlari, tartib-qoidalari bor. Lekin nega bu masalaga hanuzgacha e’tibor qaratilmayotgani bizni tashvishga soldi.
Xullas, Sitorai Mohi Xosa noyob eksponatlari, go‘zal bezaklari bilan maftun etgan bo‘lsa, yuqoridagi kabi qarovsiz jihatlari bilan ta’bimizni xira qildi.
***
...Baribir Buxorodan qaytish og‘ir, yana bir necha kun qolsam, aziz avliyolar makon topgan go‘shalardan kuch olsam, deysiz. Insonni yaratuvchanlikka, halol rizq topish, halol yashashga undagan, bu dunyo o‘tkinchiligini har bir so‘zida ifoda etib ketgan allomalar yurtidan yengil bo‘lib ketasiz. Go‘yoki poklanganday, ich-ichingizdagi nafsdan g‘olib kelganday his qilasiz o‘zingizni.
Gulruh MO‘MINOVA.