Byudjet tashkilotlari xodimlariga ayrim to‘lovlarni to‘lashni to‘xtatib turish muddati uzaytirildi
“2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi (575-son, 21.09.2020 yil).
Qarorga muvofiq, byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi, OTMlarning moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishining to‘xtatib turilishi 2020 yil 1 oktyabrdan 2021 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi (tibbiyot, tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylaridan hamda mehnatga haq to‘lashning 1-3 razryadlari qo‘llaniladigan xodimlardan tashqari).
Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan 224 milliard 288 million so‘m xarajatlar maqbullashtirildi.
Qarorga ko‘ra:
➖ Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining tasdiqlangan daromadlar prognozining bajarilmasligi hisobiga xarajatlarning maqbullashtirilgan qismi – respublika byudjetiga;
➖ ushbu qarorga muvofiq maqbullashtirilgan mablag‘lar – Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Qaror bilan respublika va mahalliy byudjetlardan maqbullashtiriladigan xarajatlar tasdiqlandi.