Vladimir Solovyovning ritorikasi nega xavfli?
Fikrimcha, rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonga nisbatan tahdidomuz bayonotlari tasodifiy holat emas.
Aksincha, ular Rossiya jamoatchiligining muayyan qismida shakllangan qarashlarni ochiq-oydin ifoda etadi.
«Ta’sir doirasi»ni saqlab qolish uchun hatto kuch ishlatish ehtimolini nazarda tutuvchi bunday ritorika zamonaviy xalqaro munosabatlar mantig‘iga mutlaqo ziddir. U davlatlararo munosabatlarda hamkorlik va o‘zaro manfaat tamoyillarini inkor etib, bo‘ysundirish va bosim logikasini ilgari suradi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bunday yondashuv davlatning xalqaro mavqeini mustahkamlamaydi, aksincha, uni zaiflashtiradi.
Albatta, Vladimir Solovyovning ushbu bayonotlari Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligi hammaga ma’lum. Shunga qaramay, bunday chiqishlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, millionlab odamlarning izzat-nafsiga tegadi va o‘zaro ishonchning uzoq muddatli yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, davlat manfaatlari nuqtai nazaridan, ommaviy axborot vositalaridagi bunday radikal chiqishlarga aniq chegara qo‘yilishi maqsadga muvofiq. Umid qilamizki, Rossiyaning hukumat idoralari bunday chiqishlarning oldini olish choralarini ko‘radi.
Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo Rossiya uchun muammo emas, balki barqarorlik va muvozanat omili hisoblanadi. Mintaqaning barcha davlatlari antirossiyachi harakatlar yoki harbiy bloklarga qo‘shilmagan holda, Rossiya bilan strategik sheriklik va muloqot tamoyillariga sodiq qolishmoqda.
Bunday vaziyatda qo‘rqitish va bosim tilidan foydalanish kuch belgisi emas, balki strategik kaltabinlikdir. Zero, Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli sub’yektlari bo‘lib, hech qachon kimningdir «ta’sir doirasi» sifatida qaralishi mumkin emas.
Keng auditoriya oldida chiqish qilayotgan har qanday jamoat arbobi, ayniqsa millionlab tomoshabinga ega bo‘lgan ommaviy shaxs, o‘z so‘zlarining siyosiy va ijtimoiy oqibatlari uchun mas’uliyatni chuqur his qilish lozim.
Xulosa qilib aytganda, bosimga asoslangan ritorika o‘zaro ishonchni yemiradi, do‘stlik va hamkorlik munosabatlariga putur yetkazadi. Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarini qo‘rqitish ertangi strategik sheriklarni yo‘qotish bilan baravardir.
Qodir Jo‘rayev,
siyosiy fanlar doktori, professor.