Chexiya prezidenti Zeman vakolatidan mahrum qilinishi mumkin
Chexiya Senati bugun, 19 oktyabr kuni kasalxonaga yotqizilgan Prezident Milosh Zemanning vazifalarini boshqa rasmiylarga topshirish imkoniyatini muhokama qiladi, deb yozadi RIA Novosti mahalliy OAVga tayanib.
"Senator (Milosh) Vistrchilning aytishicha, Senat bugun Chexiya Konstitutsiyasining 66-moddasiga binoan Zemanni prezident vakolatidan mahrum qilish-qilmasligini hal qiladi".
Yakuniy qarorni parlamentning ikkala palatasi ham qabul qilishi kerak. Quyi palataning birinchi majlisi 8 noyabrga belgilangan. Prezident vakolatlari spiker va bosh vazirga berilishi mumkin. Ammo gap Zemanning vazifasidan olinishi haqida ketmayapti, u 2023 yilgacha prezidentlik lavozimini egallaydi.
Ayni paytda Milosh Zeman Pragadagi Markaziy harbiy gospitalning anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limida yotibdi. U 10 oktyabr kuni parlament saylovlarida partiyasi mag‘lubiyatga uchragan bosh vazir Andrey Babish bilan uchrashuvdan so‘ng zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan edi.