Chexiyalik dasturchilarning “16 million yevrolik ish”ni tekinga bajargani bois vazir iste’foga chiqdi

O‘tgan hafta Chexiyada bo‘lgan voqeaga barcha e’tibor qaratsa arziydi, deb yozdi terabayt.uz. Ko‘ngilli dasturchilar davlat byudjetining talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymasdan, tekinga sayt yaratgan.

Ya’ni, Transport vazirligi shubhali bir tender o‘tkazgan. Unda yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan pulli avtomagistrallarda yurish uchun elektron ruxsatnomalar sotish servisini yaratish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu boradagi davlat buyurtmasiga ko‘ra, 400 million Chexiya kroni (taxminan 16 million yevro) evaziga internet-do‘kon hamda iOS va Android tizimlari uchun ikkita ilova yasash kerak edi. Buyurtma uchun ochiq tanlov o‘tkazilmagan va bu ish to‘rt yillik shartnoma bilan “Asseco Central Europe” firmasiga topshirilgan.

Дастурчилар «16 миллион евролик» ишни икки кунда бепул қилиб бериб, вазирни ишдан олиб ташлашди!

Ushbu buyurtma mamlakat dasturchilari orasida norozilikka sabab bo‘lgan. Ular davlat xalqning mablag‘ini ochiqdan-ochiq talon-toroj etyapti, deb hisoblagan. “Actum Digital” kompaniyasi sohibi Tomash Vondrachek ushbu tenderni «bema’nilik», deb atagan va o‘sha to‘rt yillik deb hisoblangan ishni ikki kunda qilish mumkinligini e’lon qilgan.

Vondrachek mahalliy dasturchilarni yig‘ib, davlat buyurtmasidagi kabi servis yaratish bo‘yicha xakaton o‘tkazishga chorlagan. Rejaga ko‘ra, shunchaki bitta haftaning dam olish kunlari – shanba va yakshanbada Praga shahridagi “Actum Digital” ofisida ishlash va shunaqa saytni yaratib, hukumatga sovg‘a qilishi kerak bo‘lgan.

Uning chaqirig‘iga Chexiya bo‘ylab 300 dan ortiq dasturchi «labbay», deya javob berishdi. #Znamkamarada xakatonida qatnashish uchun 24 yanvar, juma kuni “Actum Digital” ofisiga ulardan 60 nafari kelib ish boshladi. Yakshanba kuni kechqurungacha ular fairznamka.cz platformasini tayyorlab ulgurishdi.

Darvoqe, xakaton masalasi shov-shuv bo‘lib ketganidan, dam olish kuni Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish ham kelib, dasturchilarning ishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

Xullas, 27 yanvar, dushanba kuni sayt allaqachon test rejimida ishga tushirilgan. Holbuki, Transport vaziri bunga 4 yil vaqtni va yana 16 million yevro miqdorida xalq mablag‘ini isrof qilmoqchi edi. To‘g‘ri, sayt hali davlat tizimiga ulanmagan. Ammo barcha kerakli funksiyalarni bajarmoqda.

Chexiya hukumati avvaliga bu yordam uchun pul to‘lamoqchi bo‘lgan. Ammo xakaton oldindan rejalanganidek, dasturchilar uni davlatga shunchaki sovg‘a qilishgan. Bosh vazirning ta’kidlashicha, Transport vazirligi endi ushbu tizimni 2020 yilning 1 dekabrigacha to‘liq joriy etib ishga tushiruvchi kompaniyani topish uchun ochiq tanlov o‘tkazadi. Bu gal endi shartnoma qiymati ancha arzon bo‘ladi. Vondrachek qolgan ishni dastlab belgilangan 400 million kronning chorak qismicha narxga baholagan. Ammo o‘z kompaniyasi bu tanlovda qatnashmasligini aytgan.

Ko‘ngilli dasturchilar ikki kundayoq bajargan shu ishga davlat byudjetidan yirik miqdordagi mablag‘ni sarflamoqchi bo‘lgani uchun Transport vaziri Vladimir Kremlik iste’foga chiqarilgan. Pudratchi – “Asseco Central Europe” vakillari ham kompensatsiya talab etmasdan shartnomani to‘xtatishga rozi ekanligini e’lon qildi.

Vondrachekning fikricha, protest sifatida ko‘ngilli dasturchilar bepul sayt yaratib berishi voqeasidan so‘ng davlat xizmatchilari xalqning soliqlaridan shakllanayotgan byudjetni sarflashda talon-torojga yo‘l qo‘yishmasligi kerak