Daniyada 25 ming jo‘jani parranda grippi sabab qirib tashlashga qaror qilindi

Tovuq fermasida H5N8 parranda grippi aniqlanishi sababli Daniya rahbariyati 25 ming jo‘jani qirib tashlashga qaror qildi. Bu haqda davlat veterinariya va oziq-ovqat boshqarmasi ma’lumotiga asoslanib Yekstra Bladet xabar bermoqda.

Mamlakatda parranda grippi aniqlanishi 2016 yildan buyon birinchi marta yuz berdi. Ilgari turli joylarda, ayniqsa, Yutlandiyadagi yovvoyi qushlar orasida topilgan edi. Odamlar orasida parranda grippini yuqtirish holati aniqlanmagan.

Ayni paytda fermada parrandalar yo‘q qilinadi, kasallangan ferma atrofida barcha qushlar uchun maxsus cheklovlar joriy etilgan 3 kilometrli hudud, shuningdek yovvoyi qushlar va qushlar galasining intensiv monitoringi o‘tkaziladigan 10 kilometrli hudud yaratiladi.

"Uy parrandalari ichida gripp tarqalishi parranda uchun xavf va barcha parranda xo‘jaliklari egalarining jiddiy xavotiriga asos bo‘lmoqda, chunki kasallangan parrandalar o‘limi, tarqalish darajasi yuqori," - deydi Daniya veterinariya va oziq-ovqat boshqarmasi veterinari Jon Jon Larsen.

Mamlakat hukumati parranda go‘shti va tuxumni Yevropa Ittifoqidan tashqariga eksport qilishni kamida uch oyga to‘xtatdi. Biroq, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-sotiq avvalgidek davom etishi mumkin.

Avvalroq Daniya primer-ministri Mette Frederiksen mutatsiyaga uchragan koronavirus tarqalishi oldini olish uchun mamlakatda mo‘ynali fermer xo‘jaliklaridagi barcha qorakuzan (norka)larni yo‘q qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Primer-ministrning bunday qaror qabul qilishiga odamlarga yuqadigan va antitela hosil qilish qobiliyatini susaytiruvchi mutatsiyalangan koronavirus infeksiyasi aniqlanishi asos bo‘lgan edi. Frederiksen koronavirusning yangi mutatsiyasi nafaqat mamlakat, balki butun dunyoga tarqalishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.