Davlat byudjetidan 9 oy davomida qaysi tarmoqqa qancha xarajat qilingan?

2019 yil 9 oyligida Davlat byudjeti daromadlari 79 trillion 159,5 milliard so‘mni tashkil qildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 46,2 foizga o‘sdi hamda belgilangan 73 trillion 220,0 milliard so‘m reja 5 trillion 939,5 milliard so‘mga ortig‘i bilan (108,1 foiz) bajarildi.

O‘z navbatida, Davlat byudjeti daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,9 foizga yetdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha qo‘mitalarning navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat byudjetining o‘tgan 9 oyligi yakuni bo‘yicha xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 86 trillion 482,4 milliard so‘mni (aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 99,0 foiz) yoki YaIMga nisbatan 23,9 foizni tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, Davlat byudjeti umumiy xarajatlarining qariyb 53,2 foizi, ya’ni 45 trillion 970,9 milliard so‘mi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflandi.

Xususan, ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini (52,6 foiz) tashkil etgan ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 24 trillion 193,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlari (nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari)ga 3 trillion 451,5 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratildi.

Sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 10 trillion 568,8 milliard so‘mni (yoki ijtimoiy xarajatlarga ajratilgan mablag‘larning 23,0 foizini) tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 60,9 foizga o‘sish qayd etilganini ko‘rsatadi.