Davlat xizmatchisining odob-axloqda ibrat bo‘lishi davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi
Viloyat hokimi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida qaror qabul qildi.
Mazkur qaror bilan viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, ya’ni davlat xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida, xizmatdan tashqari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlari, tashqi ko‘rinish va kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari, davlat xizmatchilarining manfaatini himoya qilish, ularning odob-axloq qoidalariga amal qilishi nazorati, javobgarligi masalalari belgilangan.
Bundan buyon davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatini qonuniylik, Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan xizmat vazifalarini to‘liq bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya etish kabi prinsiplar asosida amalga oshirishi shart. Ular fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlab, davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqligini namoyish etishi, adolatlilik, halollik va xolislik, korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lishi, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmasdan, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi aniq normalar bilan belgilab berildi.
Davlat xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashishi, fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hisini uyg‘otishi talab etiladi.
Ushbu odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi holati davlat xizmatchilarini kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
Davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda milliy urf-odat, qadriyat va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik, jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalariga rioya etish, xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan idora va tashkilotlar rahbar va xodimlaridan boshqa mansabdor shaxslardan qimmatbaho sovg‘a olmaslikka majbur.
Ular ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashishi kerak. Ammo davlat xizmatchisi matni va mazmuni davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga aloqador bo‘lmasa, axborotlar davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa davlat organlari va tashkilotlari nufuzini pasaytirish yoki ularning mansabdor shaxslarini kamsitishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, ommaviy bayonot berishi mumkin emas.
Davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatidagi tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubi fuqarolarning viloyat hokimligi faoliyatiga hurmatini, shu jumladan, davlat xizmatining nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida davlat xizmatchilari manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shunday manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, xodimlar o‘zining rahbarini xabardor qilishi shart. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishga majbur.
Davlat xizmatchilarini xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq tahdid, haqorat, tuhmat va qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoya qilish viloyat hokimi va tegishli hokim o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga to‘sqinlik qilish, jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga og‘dirishga qaratilgan murojaatlar, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki sodir etishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan qonunbuzilishlar haqida xabar bergan xodimlarni vujudga kelishi mumkin bo‘lgan tahdid va xavf-xatarlardan himoya qilish choralari ko‘riladi.
Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat viloyat hokimligining tashkiliy-kadrlar guruhi yoki viloyat hokimligining Odob-axloq komissiyalari, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘z navbatida, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, viloyat hokimligining Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom ham tasdiqlandi. Mazkur Nizom asosida faoliyat yurituvchi komissiya davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilish, ularning axloq normalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olish, odob-axloq qoidalariga rioya etish bilan bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadi.
Komissiya jismoniy va yuridik shaxslarning davlat xizmatchilarining xatti-harakatlariga doir murojaatlarini, davlat xizmatchilarining sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganadi. Davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, tahlillar va natijalar haqida davlat organi va tashkilot rahbarlari, jamoatchilikni xabardor qiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarning inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari bilan hamkorlikda davlat xizmatchilarida yuksak kasbiy madaniyatni, jamoada sog‘lom ma’naviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish, ularni “halollik vaksinasi” bilan emlash - ongiga halollikni singdirish, ma’rifat orqali korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishi maqsadida viloyat hokimligida taniqli ziyolilar, ijodkorlar, ma’naviyat va ma’rifat sohasining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari, o‘z sohasida yuksak natijalarga erishgan mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar tashkil etadi.
Davlat xizmatchilarining malakasi, iqtisodiy bilimi, huquqiy savodxonligi, intellektual va ma’naviy rivojlanishini oshirish maqsadida o‘qishlar tashkil etadi. Ularning xalqaro seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarda ishtiroki uchun shart-sharoit yaratadi.
Yuqorida qayd etilgan davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarga rioya etilishini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarning viloyat hamda shahar va tumanlar hokimliklari apparati xodimlari tomonidan so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash maqsadida joriy yilning 21-22 sentyabr kunlari barcha hokimliklarda maxsus o‘quv soatlari o‘tkazilib, davlat xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida, xizmatdan tashqari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlari, tashqi ko‘rinish va kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari, davlat xizmatchilarining manfaatini himoya qilish, ularning odob-axloq qoidalariga amal qilishi nazorati, javobgarligi masalalari batafsil tushuntirib berildi.
Shu bilan birga, hokimliklar mas’ul xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borilishini ta’minlash maqsadida Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand filiali bilan hamkorlikda viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari apparati xodimlarining malakasini oshirib borish uchun malakali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar jalb qilingan holda joriy yilning 20 oktyabridan 9 noyabrigacha o‘quv-seminarlari o‘tkazish reja-jadvali tasdiqlanib, har bir hududda bir kun davomida o‘tkazib kelinmoqda.
Ushbu tadbirlarning to‘laqonli amalga oshirilishi davlat xizmatchilarining o‘z vazifalarini vijdonan bajarib, odob-axloq qoidalariga to‘liq amal qilishi davlatimizning barqaror taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish bilan birga, fuqarolarda davlat xizmatchilari orqali davlatga va ertangi kunga bo‘lgan ishonchni oshirib, davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi.
Behzod Rahmatullayev,
Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari.