Dehqon bozorlaridagi narx-navo nazoratga olinganmi?

Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshmoqda. Demak, bugun kasallikning oldini olish va karantin qoidalariga qat’iy amal qilish barobarida oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan jiddiy choralarni ko‘rish lozim. Bunda, ayniqsa, dehqon bozorlarida narx-navoning sun’iy oshib ketmasligini ta’minlash muhim sanaladi.

Bu holat va sinovli kunlarda hech kimning tomoshabin bo‘lib o‘tirishga haqi yo‘q, ayniqsa deputatlarning.

Oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshganligi sabab sun’iy ravishda narxlarning ko‘tarilishi va savdo rastalarida gigiyenik qoidalar buzilishining oldini olish maqsadida, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish uchun xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi deputatlari Bahodir Rahmonov va Shohrux Alibekov Samarqand shahridagi «Damariq», «Temiryo‘l dehqon bozori»da bo‘lishdi, sotuvchi, ta’minotchi va xaridorlar bilan suhbatlashdi.

- Kuzatuvlarimizga ko‘ra, xalqimiz bugun birlashgan, ayrim insofsiz savdogarni aytmaganda, deyarli barcha sotuvchilar, dehqonlar mahsulotlarni arzon sotishmoqda, – dedi Bahodir Rahmonov. - Masalan, go‘sht 48 ming so‘m, kartoshka 4 ming so‘m, piyoz 3 ming so‘m, sabzi 1000 so‘m, guruch 6-7 ming so‘m. Muhimi, bozorlarda barcha mahsulotlarni rastalarga chiqarish uzluksizligi ta’minlanyapti. Gigiyenik va epidemiologik holatlar nazoratda.