Deputat 1,5 milliard so‘mdan ziyod xayriya qildi

“Milliy tiklanish” partiyasi a’zolari bo‘lgan “Grand farm trade” kompaniyasi rahbariyati tomonidan bir milliard olti yuz ellik million so‘mlik xayriya yordami ko‘rsatiladi.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va xalqimizning ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan xayriya tadbirlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida “Grand farm trade” kampaniyasi hududiy filiali rahbari, «Milliy tiklanish» partiyasidan xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati Qahramonjon Otaxonov boshchiligida ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamlariga oziq-ovqat mahsulotlari Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali yetkazib berilmoqda.

Bugun Toshkent viloyatining mingta xonadoniga jami besh yuz ellik million so‘mlik xayriya yordamlari tarqatildi. Aksiya Toshkent, Andijon, Namangan viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunga esa 1 milliard 650 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Har bir viloyatdan mingtadan xonadonga 300 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 250 ming so‘mdan pul, jami bitta oilaga 550 ming so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatiladi. Umumiy hisobda bitta viloyat aholisiga besh yuz ellik million so‘mlik ko‘mak ko‘rsatiladi.

Partiya deputati tomonidan karantin boshlangan davrdan Andijon shahridagi dorixonalarda ehtiyojmandlar uchun bepul dorilar burchaklari ham tashkil etilgan.

«Milliy tiklanish» partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham aynan keksalarni qadrlash, mehr-oqibatni asrash, inson omilini barcha sohalar markaziga qo‘yish kabi vazifalar belgilangan. Mazkur partiyaviy g‘oyalar deputatlar tomonidan hayotga tatbiq etilmoqda.

Albatta, chinakam insoniylik sabog‘iga aylanib borayotgan bu kabi xayrli ishlar ortida yurtimiz aholisining turmush tarzini yanada yaxshilash barobarida ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va intilishi yuksalib boradi.

Xayriya ertaga Namangan viloyatida davom etadi. Toshkent viloyatida esa bugun yakuniga yetkaziladi. Andijon viloyatida esa davom etmoqda.