Deputat anketasi: Murojaatlarning aksariyati kommunal xizmatlardan
- Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
Davlat dasturi doirasida saylov okrugimda Samarqand shahri Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi 10-sonli oilaviy poliklinikaning yangi bnosi qurib foydalanishga topshirildi.
Samarqand shahridagi 50-sonli maktabni mukammal ta’mirlash bo‘yicha bugungi kungacha 85 foiz tom yopish, 40 foiz ichki pardozlash ishlari bajarilib, 25 foiz deraza romlari o‘rnatilgan.
Hududda sanoat yo‘nalishida “505-son MKMK” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda loyiha doirasida Xitoy davlatidan asfalt ishlab chiqarish uskunalari olib kelingan. Xitoylik injiner tomonidan uskunalarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand shahri “Dari Zanjir” mahallasining Vobkent ko‘chasida 200 pogonometr irrigatsiya tarmog‘i tartibga olinib, obodonlashtirildi. Abduraxmon Jomiy mahallasi Kavarzor ko‘chasidagi 15 ta beton ustunlarning har biriga 200 ming so‘mlik tungi yoritkichlar o‘rnatildi. Ogahiy mahallasidagi Kavarzor ko‘chasining ikki tomonida piyodalar yo‘lakchasi tashkil qilindi.
Shuningdek, Sharq tongi mahallasi Oybek ko‘chasi 1- yo‘lakda ichimlik suvning temir quvuri yaroqsiz holga kelib, yorilganligi sababli plastik quvurga almashtirildi. Mirzo Tursunzoda ko‘chasida 130 pogonometr, To‘raqul Zehniy ko‘chasida 20 pogonometr, Oybek ko‘chasida 25 pogonometr irrigatsiya tarmoqlari ta’mirlanib, tartibga olindi. Mirzo Tursunzoda ko‘chasida 45 metr kvadrat, Mirzo Tursunzoda ko‘chasida 45 metr kvadrat va Oybek ko‘chasida 25 metr kvadrat piyodalar yo‘laklari ta’mirlandi.
- Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Menga ishonib ovoz bergan Samarqand shahridagi 6-Mehrobod saylov okrugi hududi 24 ta mahalladan iborat. Hududdagi 14 ming 600 ta xonadonda 19 ming 328 ta oila va 54 ming 630 nafardan ko‘proq aholi istiqomat qiladi.
Ularning o‘ziga yarasha muammo va dardlari bor. Saylovchilarim o‘tkazilgan uchrashuvlarda 73 ta murojaatlar tushgan.
Ularning 16 tasi elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha, 15 tasi tabiiy gaz masalasida, 4 tasi ichimlik suvi bo‘yicha. Shuningdek, mahalla hududini obodonlashtirilishi yuzasidan 8 ta, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 9 ta, shifoxonada bepul davolanish bo‘yicha 1 ta, moddiy yordam so‘rab 1 ta, maktabgacha ta’lim tizimi bo‘yicha 1 ta, uy-joyini ta’mirlash masalasida 1 ta, yo‘l kesishmasiga svetofor o‘rnatishda amaliy yordam so‘rab 1 ta murojaat bo‘lgan. Fuqarolik pasporti olish, uy-joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ish bilan ta’minlash va boshqa turli masalalarda saylovchilarim yordam so‘ragan.
- Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
Albatta, deputatlik so‘rovi uyushtiralayapti. Aslida bu amaliyotdan rasmiyatchilik uchun foydalanilayapti. Negaki, 61 ta murojaatda ko‘tarilgan masalalar korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda ish olib borildi. Bugungi kungacha ularning 57 tasi hal etildi. Muddat talab qiladigan 4 ta masala ko‘rib chiqilayapti.
Ma’lumot uchun aytish aytish mumkin, fuqarolar tomonidan qilingan murojaatning 12 tasi tegishli mutasaddilar ishtirokida joyida bartaraf etildi.
S.RAFIKOV,
6-Mehrobod saylov okrugidan viloyat kengashi deputati.