Deputat pastdarg‘omlik va samarqandlik saylovchilar muammolarini o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Polvonov Past Darg‘om tumanidagi mahallalar, xonadonlar, korxona va muassasalarda bo‘lib, aholini qiynayotgan kamchilik va muammolar yuzasidan muloqot qildi.
Hududlarda olib borilgan muloqotlar davomida tumandagi 3 400 nafar aholi istiqomat qiladigan Qorovultepa mahallasidagi bir qator yechimini kutayotgan muammolar borligi aniqlandi. Jumladan, mahalladagi 350 nafardan ortiq bog‘cha yoshidagi bolalarga zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, simyog‘ochlarni almashtirish kabi masalalar yuzasidan deputat nazorati o‘rnatildi. Shuningdek, Jag‘alboyli mahallasidagi ayrim ko‘chalarda toza ichimlik suvi muammosi borligi, 2011 yilda tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan 345 xonadonning gaz ballonlarga bo‘lgan ehtiyoji, ayrim ko‘chalardagi simyog‘ochlarni, eski transformatorlarni almashtirish hamda qabristonga olib boruvchi yo‘llarni asfalt qilish yuzasidan kelib tushgan takliflarga tegishli mutasaddilar jalb etildi.
Shuningdek, Sh.Polvonov Samarqand shahridagi Xo‘jasoat, O‘rta Xo‘jasoat, Quyi Xo‘jasoat hamda Sartepa mahalla fuqarolari yig‘ini hududidagi mavjud muammolarni o‘rganib, saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
- Avvalgi uchrashuvlarda 300 o‘ringa mo‘ljallangan maktabimizda bolalar qamrovi oshganligi tufayli qo‘shimcha bino qurishda amaliy yordam so‘ragandik, - deydi O‘rta Xo‘jasoat mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 72-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Dilorom Ahmedova. - Deputatimiz ko‘magida bugungi kunda yana 300 ta o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino foydalanishga tayyorlandi. Zamonaviy qurilgan, barcha sharoitlarga ega maktabimiz endi 600 nafar bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi.
Azizbek BO‘RIBOYEV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari.