Deputatlar bemorlarni yo‘qlab boradi

Foto: uzbekistonovozi.uz

Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, kadrlar ta’minoti va salohiyatini yaxshilash, aholi orasida kasallanish holatini o‘rganish, ularning profilaktikasi, maqsadli davolash va reabilitatsiya tadbirlarini tashkillashtirishning manzilli choralarini belgilash bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tashkil etilgan respublika ishchi guruhi 6 fevraldan viloyatimizda ish boshladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mas’ullaridan iborat ishchi guruhi uch kun davomida viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib, tibbiy muassasalarning faoliyatini o‘rganadi. Aholi uchun tibbiy ko‘rik, turli ijtimoiy aksiya va loyihalar o‘tkaziladi. Shuningdek, deputat va shifokorlar olis va chekka qishloqlarda to‘shakka yotib qolgan bemorlar holidan xabar oladi.

– Bugungacha bir qator viloyatlardagi tibbiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, aholini ko‘rikdan o‘tkazdik, ularning tibbiy madaniyati, kasallanish darajasini o‘rgandik, – deydi respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassisi Muzaffar Alibekov. – Samarqanddagi o‘rganishlarimiz ham samarali bo‘lishiga ishonamiz. Biz Kattaqo‘rg‘on shahrida ish olib boradigan bo‘ldik.

Dilmurod TO‘XTAYEV.