Deputatning qo‘lidan ish keladimi?
Bu aksariyat hollarda savol emas, kinoya tarzida aytiladi. Biroq bu jumla “Adolat” SDP partiyasidan saylangan deputatlar uchun emas.
Chunki partiyaning parlamentdagi vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘pchilikka ma’lum. Ularga hamohang tarzda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar ham saylovchilarni qiynayotgan turli masalalarda samarali ish olib bormoqda.
Bunda mahalliy Kengashdagi xalq vakili “qabulimga kim kelarkan”, deb kutmasligini alohida ta’kidlash kerak. Deputatlar joylarga chiqib, aholi bilan uchrashuvlar tashkil qilmoqda. O‘zaro muloqotlarda odamlar turli muammolarni o‘rtaga tashlayapti. Deputatlar esa ularga yechim topish yo‘lida amaliy ishlarga qo‘l urmoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri Jomboy tumanidagi 18-Oq oltin saylov okrugi aholisi bilan ham o‘tkazildi. Unda kimdir ish topishda yordam so‘ragan bo‘lsa, yana kimdir moddiy yordam olish, boshqa birov sog‘liqni saqlash masalasida murojaat qildi.
Ko‘kgumbaz mahallasida yashovchi O.Najmiddinovaning 5 yoshli farzandi bilan bog‘liq murojaatda har daqiqa g‘animat edi. Negaki, Sh.Rizayevga tug‘ma bosh miya falajining gemiparitek shakli tashxisi qo‘yilgan. Unga muntazam parvarish va dori-darmonlar kerak. Oila esa iqtisodiy jihatdan qiynalib qolgan.
Vaziyatdan kelib chiqib deputatlar tashabbusi bilan mazkur oilaga homiylar biriktirildi. Homiylikni zimmasiga olgan Bahodir Pirimqulov Sh.Rizayevga zarur dori vositalarini keltirib berdi. Oilaga boshqa turdagi yordamlar ham ko‘rsatilmoqda.
Quvonarlisi, deputatlar e’tibori, saxovatli insonlar ko‘magi bilan Shukurilloning sog‘lig‘i yaxshi tomonga o‘zgarib bormoqda.
– O‘g‘lim voyaga yetib, elga xizmat qiladigan yigit bo‘lsin, ilohim, - deydi O.Najmiddinova. – Quvonganim, sizlardek yaxshi insonlar bor ekan farzandimga o‘xshab salomatligini tiklashi uchun moddiy jihatdan qiynalib qolganlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zadiganlar topiladi.
Komila Umarova,
“Adolat” SDP Jomboy tumani Kengashi raisi.