“Dinamo” keyingi o‘yinlarga qanday tayyorgarlik ko‘rdi?

Jamoani olti nafar futbolchi tark etdi, ularning o‘rniga yangi futbolchilar olib kelingan

Proliganing birinchi davra bahslarini ikkinchi o‘rinda yakunlagan "Dinamo" jamoasi ikkinchi davra oldidan poytaxtda bir haftalik, Qirg‘izistonning Issiqko‘l shahrida ikki haftalik o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etdi.

Yig‘in doirasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar va o‘rtoqlik uchrashuvlarida futbolchilarning jismoniy holati sinovdan o‘tkazildi, shuningdek, jamoani olti nafar futbolchi tark etdi, tarkibni kuchaytirish maqsadida ularning o‘rniga yangi futbolchilar olib kelindi.
“Dinamo” PFK axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jamoa Qirg‘izistondagi asosiy tayyorgarlik doirasida to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, barchasida g‘alaba qozondi. Shuningdek, jamoada to‘p surgan Yevgeniy Nazarov, Komil Sharofitdinov, Jasur Qurbonov, Elguja Grigalashvili, Akmal Kozimov, Bahodir Abduvaliyev liga ro‘yxatidan chiqarildi. Ularning o‘rniga jamoaga serbiyalik markaziy himoyachi Dushan Miyich, mahalliy klublardan Abubakir Muydinov, Shodiyor Olimjonov, Ulug‘bek Abdullayev, Murod Toshmatov, Mirg‘iyos Sulaymonov kabi futbolchilar jalb qilindi. Ular bilan mavsum yakunigacha shartnoma imzolandi.

“Dinamo” jamoasining yangi a’zosi, 23 yoshli yarim himoyachi Abubakir Muydinov Samarqand klubi bilan shartnoma imzolagach, fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
- “Dinamo”ga o‘tganimdan xursandman. Samarqand klubiga Vadim Karlenovich taklif qildi. Jamoa safiga Issiqko‘ldagi yig‘in oldidan qo‘shildim, ko‘rib turibman tarkib ancha kuchli va bu yerda tajribali o‘yinchilar yig‘ilgan. Qirg‘izistondagi tayyorgarlik yaxshi o‘tdi, endigi maqsad Superligaga chiqish uchun kurashish.
O‘zi aynan Superligaga chiqish masadida “Dinamo”ga o‘tdim. Bor kuchimni sarflashga tayyorman. Yangi jamoamda moslashish jarayonidaman, tarkibdagi aksariyat o‘yinchilarni bilganim uchun bu oson kechyapti. Vadim Abramovni ham o‘z taktikasi va qarashiga ega bo‘lgan murabbiy deb bilaman. Samarqandlik muxlislarni xursand qilish uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz.

Ertaga “Dinamo” chorak final yo‘llanmasi uchun “Paxtakor”ga qarshi o‘ynaydi
1 avgustdan O‘zbekiston kubogi 1/8 final o‘yinlari va Proliganing ikkinchi davra bahslari start oladi. Ertaga “Dinamo” O‘zbekiston kubogi doirasida Samarqandda “Paxtakor” klubini qabul qiladi.
O‘zbekiston chempionati tarixida “Dinamo” va “Paxtakor” jamoalari o‘zaro 50 marta uchrashgan. Bahslarning 39 tasida “Paxtakor”, 6 tasida esa “Dinamo” g‘alaba qozongan, 5 o‘yin durang bilan yakunlangan. “Dinamo” va “Paxtakor” o‘rtasidagi so‘nggi o‘yin 1 yil avval – 2022 yilning 1 avgust kuni o‘tkazilib, Toshkentdagi o‘yinda mezbonlar 3:2 hisobida ustun kelgandi.
Samarqand va Toshkent klublari bu safar O‘zbekiston kubogi 1/8 finali doirasida ko‘hna kentda to‘qnash keladi. G‘olib jamoa chorak finalga yo‘llanma oladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.